Innovatsion texnologiya olamida deyarli har kuni yangi ixtirolar yaratiladi. Bu safar paydo bo‘lgan yangi gadjyet barchani qiziqtirishi tabiiy, negaki u haqiqiy o‘zbekona ruhda yaratildi.
Toshkentdagi Inha universiteti talabasi Doston Mardiyev erkaklar do‘ppisidan boshqa foydali maqsadda ham foydalanish mumkinligini ko‘rsatib berdi.«Aqlli» do‘ppi endilikda uzoq manzilga otlangan haydovchilarning beminnat yordamchisiga aylana oladi. Smart do‘ppi mudroq bosgan haydovchini xushiga keltiradi, ko‘ngilsiz hodisalarni chamalay oladi. Bu haqda muallif shunday dedi:
“Ushbu startapni yaratishimga turtki bo‘lgan voqea – ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan do‘ppi kiyish fleshmobi bo‘lgan. Aytish lozimki, shundan keyin yoshlarimiz orasida bu o‘ziga xos urfga aylandi. Men ham bu targ‘ibotga o‘z hissamni qo‘shishga ahd qildim va 10 kun davomida gadjyetimni yaratdim.
Ishlash prinsipiga to‘xtaladigan bo‘lsak, do‘ppining ikki yoniga tebranuvchi moslama hamda o‘chirib-yoqish tugmasini o‘rnatdim. Uni kiyishdan oldin tugma bosiladi. Bilamizki, uzoq masofa haydovchini ancha toliqtiradi. Tabiiyki, insonda mudrash holati kuzatiladi va bunda boshingiz har tarafga tebranadi. Shunday paytda gadjyet buni sezadi va vibratsion qurilma ishga tushadi. Tebranish haydovchini uyg‘otadi”.
Mardiyev qurilmani yanada ommaviylashtirishda uni turli funksiyalar bilan boyitishni maqsad qilgan. Ixtirochi talaba kelgusida do‘ppining mobil ilovasini yaratishni rejalashtirmoqda. Uning ta'kidlashicha, avtohalokat sodir bo‘lsa, uning joylashuvini aniqlab beradigan GPS tizimi do‘ppiga o‘rnatiladi. Shuningdek, «avtomatik qo‘ng‘iroq» funksiyasi ham paydo bo‘ladi. Haydovchi do‘ppining tebranishiga ham uyg‘onmaydigan bo‘lsa, obektga eng yaqin bo‘lgan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Ichki ishlar tayanch punktiga qo‘ng‘iroq amalga oshiriladi va voqea haqida ma'lumot beriladi.
Muhabbat Ma'mirova