Olimlar inson ko‘zining muguz pardasini 3D-printerda bosib chiqarishga muvaffaq bo‘lishdi. Sinovlardan keyin uni bemorlarga ko‘chirib o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Nyukasl universitetidan Che Konnon boshchiligidagi jamoaning Experimental Eye Research jurnalida chop etilgan maqolasida aytilgan.
Muguz parda infeksiyalar, kuyishlar, mexanik jarohatlar va boshqa sabablarga ko‘ra shikastlanishi mumkin. Hozirda 10 mln kishi ko‘r bo‘lib qolmaslik uchun, ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan, biroq pardaning transplantatsiyasidan keyin yana ko‘ra olishi mumkin bo‘lgan 5 mln kishi uning ko‘chirilib o‘tkazilishiga muhtoj. Afsuski, donorlik materiali hamisha falokatli tarzda yetishmaydi.
Shu sababli dunyoning ko‘plab laboratoriyalarida muguz pardani 3D-printerda bosish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazib kelinadi. Bunda “siyohlar” sifatida muguz parda hujayralariga aylanishga tayyor bo‘lgan asos hujayralardan iborat maxsus tarkib qo‘llanadi.
Bu tarkibga jiddiy talablar qo‘yilgan. U 3D-bosmada “siyoh” sifatida qo‘llash mumkin bo‘ladigan darajada qovushqoq va shu bilan birga parda o‘z shaklini saqlab qoladigan darajada yetarlicha qattiq bo‘lishi kerak. Va asosiysi, undagi barcha hujayralar tirik qolishi talab qilinadi. Hanuzgacha birorta ilmiy guruh bu uchta shartning bir vaqtda bajarilishiga erisha olmayotgandi.
Endi bu to‘siq yengib o‘tildi. Tadqiqotlar parda bosilganidan bir kun o‘tib undagi 90 foiz, 7 kundan keyin esa 83 foiz hujayra tirik qolganini ko‘rsatgan. Bunda bosma uchun uncha qimmat bo‘lmagan bioprinter qo‘llanadi, jarayonning o‘zi esa 10 daqiqa vaqt oladi.
Bundan tashqari, har bir bemor uchun muguz parda shakli va o‘lchamini individual tanlash mumkin. Buning uchun ko‘z skaner qilinadi, kompyuter esa olingan ma'lumotni 3D-printer uchun buyruqlarga aylantiradi.
Ishlanma ommaviy ravishda qo‘llanishi uchun klinik sinovlardan o‘tishi lozim. Bu jarayonga bir necha yil ketishi mumkin. Ishlanmani tegishli idoralar tomonidan ma'qullangandan keyingina amaliyotga joriy qilish mumkin bo‘ladi.