Soliq islohotlari: muammolar yechimi bo‘yicha eng to‘g‘ri yo‘l topilishi kerak - Ekspertga savollar

Iqtisodiyot 01:06 / 30.05.2018 21619

28 may kuni Podrobno.uz saytida iqtisodiyot fanlari nomzodi Farhod Qurbanbayevning «Tavakkalsiz soliq islohoti yoki yana bir bor soliq tizimini isloh qilish Kontseptsiyasi haqida» sarlavhali maqolasi chop etildi.

Avvalambor shuni ta'kidlash kerakki, muallif ushbu maqola orqali amaldagi soliq islohotlari borasida eng dolzarb mavzularni xolislik bilan, tushunarli tilda, chuqur tahlil qilib bergan. Bunday xolis tahlillar islohotlar jarayonida juda muhim. Shu bilan birga, maqolada keltirilgan ayrim takliflar qo‘shimcha savollar tug‘ilishga sabab bo‘ladi. Ushbu savollar to‘plamini o‘quvchilarga va muallifga havola etib, mavzu bo‘yicha tahlilni davom ettirishga jazm qildim. Zero bu ish mazkur muammolar yechimi bo‘yicha eng to‘g‘ri yo‘l qaysi degan savolga aniqlik kiritishga xizmat qiladi, degan umiddaman.

 

1. Daromad solig‘i korxonaning aylanma mablag‘idan/tushumidan undirilishi kerakmi yoki uning sof foydasidan?

Muallif amaldagi kichik korxonalarga nisbatan belgilangan soddalashtirilgan yagona soliq tizimini tanqid qilib, daromad solig‘ini kichik korxonalarning aylanma mablag‘lariga emas, balki ularning sof foydasiga qaratish kerakligini ta'kidlaydi. Muallif buning sabablari sifatida ushbu yagona soliq tizimi iqtisodiyotni rivojlanishiga to‘siq ekanini va u soliq to‘lovchilar o‘rtasida soliq yukini nomutanosib taqsimlanishiga sabab bo‘lishini keltiradi.

Muallifning tahlillarida jon bor, daromad solig‘ini aylanma mablag‘ga emas, balki daromadga qaratish bu jahon tan olgan, o‘zini isbotlagan eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Lekin amaliyotda ko‘p kichik korxonalar uchun soliqni pul aylanmasidan to‘lash eng qulay usul sifatida qolmoqda. Bunga kichik biznes faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar bilan suhbatda amin bo‘lish mumkin. Bu degani yagona soliq tizimi eng to‘g‘ri yo‘l, unda kamchiliklar yo‘q degani emas. Yagona soliq tizimining o‘ziga yarasha muammolari mavjud (masalan, tadbirkor bankdagi o‘z mablag‘larini erkin tasarruf qilishda qiyinchiliklarga ro‘baro‘ bulayotgani, tadbirkorlar uchun norasmiy kvotalar belgilab qo‘yilishi, inkassatsiya tizimi muammolari, soliqning sof foydaga nomutanosibligi va hokazo). Lekin haqiqat shuki, kichik biznes korxonalari soliqqa tortishning umumiy usuliga o‘tishdan bezib qolishgan. Ularning ko‘pchiligi amaldagi yagona soliq tizimida qolishni afzal ko‘rishadi.

Buning sababini quyidagicha izohlash mumkin: kichik biznes egalari soliqqa tortishning umumiy usuli deganda 90-yillardagi muammoli, umumiy soliq tizimi ko‘z o‘ngiga keladi.

Bunda kichik korxona egalarining xavotirlariga asos bor. Buning ustiga, muallif taklif qilayotgan umumiy soliq tizimidagi yuridik shaxs daromadini 25 foiz stavka asosida soliqqa tortish tizimiga o‘tishni, hozirda yagona soliq tizimi asosida faoliyat yuritayotgan hech qaysi tadbirkor xohlamasa kerak. Chunki bu 25 foiz daromad soliq yuki ustiga muallif aytgan 7 foiz (amalda: 20 foiz; konsepsiyada: 12 foiz) qo‘shimcha qiymat solig‘i, 15 foiz yagona ijtimoiy to‘lov bilan birga hisoblaganda, umumiy soliq yuki taxminan 40-45 foizga borib qoladi. Undan ko‘ra, ular tinchgina aylanmadan 5 foiz daromad solig‘ini to‘lashni afzal ko‘rishi tabiiy.

Shu holatda qanday qilib kichik korxonani umumiy soliq tizimiga o‘tish ular uchun foydali ekaniga ishontira olish mumkin? Bunday vaziyatda qanday qilib soliqning umumiy tizimiga o‘tish kichik biznes uchun foydali ekani va bu eng to‘g‘ri yo‘l deb tushuntirish mumkin? Barcha hisoblar aksincha ekanligini ko‘rsatib turgan bir paytda, ularga umumiy tizim eng to‘g‘ri va foydali ekanligini ta'kidlash qiyin masala.

Aytmoqchimanki, kichik korxonalarga soliqning umumiy tizimiga o‘tishni taklif qilishdan avval, umumiy soliq tizimidagi soliq stavkalari va soliq to‘lash tizimini yaxshilab tahlil qilib, uni soddalashtirish zarur. Ma'lumot sifatida ko‘rsatmoqchimiz, masalan, Kanadada kichik biznes (ya'ni yillik sof daromadi 500,000 dollardan kam bo‘lgan korxonalar) o‘z sof daromadidan 14,5 foiz soliq to‘laydilar.

Kichik biznesni umumiy soliq tizimiga o‘tkazish, umumiy soliq tizimini yengillashtirish va takomillashtirish bilan birga olib borilishi kerak bo‘lgan islohotdir. Masalaga shunday yondashilmasa, kichik biznesni soliqqa tortish qaysi usulda yo‘lga qo‘yilishidan qat'i nazar, xufyona iqtisodiyotdan chiqmasligi mumkin. Soliq qaysi tizimda undirilishidan qat'i nazar, asosiy masala tadbirkor daromadiga tushadigan soliq yukini ko‘tara oladimi, degan savolga borib taqaladi. Shunday ekan, umumiy soliq tizimi shunday yo‘lga quyilishi kerakki, tadbirkor soliq qonunini aylanib o‘tishdan ko‘ra, unga amal qilishni afzal ko‘rsin! Shunday ekan, biznesga tushadigan soliq yukini to‘g‘ri belgilash masalasi konsepsiyani ishlab chiquvchilar oldida turgan asosiy vazifalardan biridir.

 

2. Jismoniy shaxslar daromadining bir qismi soliqdan batamom ozod qilinishi kerakmi?

Muallif o‘z maqolasida mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlarga, ya'ni ish haqiga nisbatan amaldagi soliq yuki yuqori ekanini ta'kidlab, «soliq to‘lanmaydigan minimum»ni joriy etishni va uning miqdorini bir oyda taxminan 750.000 so‘m bo‘lishi kerakligini ta'kidlaydi. Ya'ni, shaxs o‘zining oylik ish haqini 750.000 so‘mi bo‘yicha daromad solig‘idan ozod qilinishi masalasi ko‘tarilgan. Bu fikrni ko‘pgina soliq mutaxassislari qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki shaxsning yashashi uchun zo‘rg‘a yetib turgan daromadini soliqqa tortish uning iqtisodiy ahvolini og‘irlashtiradi. Shuning uchun ham, kichik korxonalar ko‘pgina kam maoshli mehnat munosabatlarini norasmiy ravishda yo‘lga qo‘yishga harakat qilishadi. Shu nuqtai nazardan, taklifning qabul qilinishi, ko‘pgina mehnat munosabatlari rasmiy tus olishiga xizmat qilsa ajab emas.

Lekin masalaning boshqa tomoni ham mavjud. Jismoniy shaxslarning daromadlari faqat ish haqini o‘zidan iborat emas. Kimdir ijara tushumi, kimdir dividend va yana kimdir tadbirkorlik foydasi ko‘rinishida daromad oladi. Agar soliq to‘lanmaydigan minimum faqat ish haqi daromadiga nisbatan belgilansa, daromadni boshqa manbadan oladigan jismoniy shaxslarga nisbatan adolatsizlik bo‘lib qolmaydimi? Chunki bu siyosat iqtisodiy faoliyatning bir turidan olingan daromadning (ya'ni, ish haqining) bir qismi soliqdan ozod qilinishiga, lekin boshqa turidan olingan daromad soliqqa tortilishiga sabab bo‘lib qoladi.

Muammo shundaki, daromad qaysi manbadan kelishidan qat'i nazar, uning miqdori va daromad topuvchilarning iqtisodiy holati bir xil bo‘lishi mumkin. Bunda siz taklif qilayotgan soliq to‘lanmaydigan minimum daromadning turiga nisbatan emas, balki soliq to‘lovchi jismoniy shaxsga nisbatan belgilanishi to‘g‘ri emasmi?

Aytmoqchimanki, jismoniy shaxs daromadni qaysi manbadan topishidan qat'i nazar, uning bir yillik daromadi miqdorining muayyan bir qismi soliqdan batamom ozod qilinishi yoki minimum (masalan 5 foiz) stavka asosida soliqqa tortish tizimi to‘g‘riroq. Shunda barcha jismoniy shaxslarni soliqqa tortishda, ularning gorizontal tengligiga putur yetmaydi. Shu masalaga muallif o‘z munosabatlarini bildirsa, mavzuning yanada chuqurroq tahlil qilinishiga erishgan bular edik.

 

3. Dividend daromadi jismoniy shaxslarning boshqa daromadi bilan bir stavkada soliqqa tortilishi kerakmi?

Muallif maqolada yana dividend daromadini jismoniy shaxsning boshqa daromadlari bilan bir xil stavkalar asosida soliqqa tortish zarurligini ta'kidlaydi va buning sababini misol bilan tushuntiradi. Muallif fikrida jon bor — jismoniy shaxsning daromadi bir turini boshqa turiga qaraganda yengilroq soliqqa tortilsa, bu soliqchilar tomonidan bir daromadni sun'iy ravishda boshqa daromad turiga aylantirishga harakat qilishlariga va buning natijasida soliqdan qochish holatlari yuz berishiga olib keladi. Bunga rivojlangan davlatlar amaliyotidan ko‘p misollar keltirishimiz mumkin.

Lekin bu masalani yana bir tomoni bor. Dividend bu o‘ziga xos daromad turi hisoblanadi. U jismoniy shaxsning korxona daromadidan oladigan ulushidir. Shunday ekan, ushbu daromad odatda korxona darajasida ham soliqqa tortilgan (ya'ni, korxona daromadini soliqqa tortish tarzida). Shunday ekan, dividendni ta'sischi yoki aksiyador qo‘lida yana soliqqa tortish bir daromadni ikki marotaba soliqqa tortilishiga sabab bo‘lib qoladi.

Agar bunga yo‘l quyilsa, jismoniy shaxslarning dividend daromadiga tushadigan soliq yuki, boshqa turdagi daromadlariga tushadigan soliq yukidan kura ancha yuqori ekanligiga sabab bo‘ladi va bu tadbirkorlik va sarmoya muhitiga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Zero soliq siyosatida «bir daromad yagona marta daromad soliqqa tortilishi kerak: undan ko‘p ham emas, kam ham emas», degan tamoyil mavjud.

Bu xorijiy davlatlar tajribasida tan olingan muammo. Shuning uchun ham ko‘p davlatlarda dividend past stavkada yoki alohida tarzda soliqqa tortiladi. Ushbu holatda muallifning takliflarida asos borligini, lekin dividendni jismoniy shaxsning boshqa turdagi daromadidan farq qilishini hisobga olgan holda, uning muayyan bir qismini soliqdan batamom ozod qilish to‘g‘riroq bo‘lsa kerak. Bunda dividendning qolgan qismi jismoniy shaxsning boshqa daromadlari qanday stavkada soliqqa tortilsa, o‘sha stavkalar asosida soliqqa tortilaveradi.

 

4. Daromaddan undiriladigan soliqdan tashqari to‘lovlar miqdori qancha bulishi va ularni to‘lashni kimning zimmasiga yuklash to‘g‘ri bo‘ladi?

Muallif maqolada mehnatga haq to‘lash tarzida daromad oluvchi shaxsdan undiriladigan 8 foiz sug‘urta badalini bekor qilishni taklif etadi. Muallif uning urniga 15 foiz yagona ijtimoiy tulovni saqlab qolishni va uni barcha turdagi korxonalarga nisbatan amal qilish taklifini beradi. To‘g‘ri, hozirda mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadga nisbatan tushadigan soliqdan tashqari to‘lovlarning yuki juda yuqori.

Ishchining maoshidan ushlab qolinadigan 8 foiz sug‘urta badali va ish beruvchining shu maqsadda tulaydigan 15 foiz (ba'zida 25 foiz) yagona ijtimoiy to‘lovni birga hisoblaganda, jami yuk 23–33 foizga yetadi. Shunday ekan, bunday to‘lovlar yuki ba'zida daromad solig‘idan ham yuqori. Bu hali daromad solig‘idan tashqari!

Muallif taklif qilgan holat esa, amaldagi tizimdan ancha yaxshi. Chunki unda to‘lov miqdori 15 foiz bulib, bu ish beruvchi uchun ham, ishchi uchun ham amaldagi 23–33 foiz to‘lovdan ancha yaxshi. Lekin, bu xususiy korxonalar ishchilar bilan bo‘lgan mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishga, ya'ni, maosh to‘lovi miqdorini yashirmaslik uchun va munosabatlarni xufyona iqtisodiyotdan olib chiqish uchun yetarli asos bo‘lmasligi mumkin. Chunki, ushbu to‘lovni aynan bir tomon zimmasiga yuklash tufayli, imkon qadar munosabatni norasmiy yo‘lga qo‘yishga intilishiga olib keladi.

Masalan, muallif aytgandek yagona ijtimoiy tulovni 15 foiz etib belgilab, uni butunlay ish beruvchi zimmasiga yuklash, uning imkon qadar o‘z ishchilariga «konvert» orqali pul berishga intilishiga olib kelishi mumkin. Ushbu muammoni shunday yechish kerakki, to‘lov yuki iqtisodiyotga ham, byudjyetga ham zarar yetkazmasin.

Bu bo‘yicha jahon tajribasida yaxshi amaliyot mavjud. Masalan Kanadada pensiya jamg‘armasiga to‘lov 9,9 foiz bo‘lib, u ish beruvchi va ishchi o‘rtasida teng bo‘lingan holda to‘lanadi. Bunda ish beruvchi ishchiga to‘lagan oyligidan 4.95 foiz ishchi esa usha olgan maoshidan 4.95 foiz pensiya jamg‘armasiga o‘tkazadi. To‘lov yuki ikkala tomon uchun ham katta og‘irlik tug‘dirmaganligi tufayli, bu ularda qonunni aylanib o‘tishga intilishga olib kelmaydi. Albatta to‘lov stavkasi aniq miqdori moliyachi mutaxassislar tomonidan byudjyetning pensiya to‘lovlari uchun ketadigan xarajatlari yaxshilab o‘rganib chiqqan holda ishlab chiqilishi zarur.

 

Tahlil so‘ngida:

Umuman olganda muallif Farhod Qurbanbayev o‘z maqolasida amaldagi soliq tizimini chuqur tahlillar asosida yoritib bergan bo‘lib, unga o‘z munosabatini bildirgan. Bu kabi tahlillar yangi soliq qonunini ishlab chiqishda katta ahamiyatga ega. Muallif ushbu murojaat tarzida yo‘llangan maqolani, o‘z maqolasiga kamtarona qo‘shimcha sifatida qabul qiladi degan umiddamiz. Maqsadimiz bitta — mamlakatimiz yangi soliq qonuni mukammal va iqtisodiy farovonlikka hizmat qiluvchi qonun sifatida shakllanishiga erishishdir.

Vohid O‘rinov

Ko‘proq yangiliklar: