Amazon va Blue Origin kompaniyalari rahbari Jyeff Bezos 2020 yilgacha orbitaga ko‘p marta ishlatiluvchi New Glenn kemalarini uchirmoqchi. Bundan tashqari, Bezos NASA bilan birgalikda Oyni zabt etish uchun yangi raketa yaratmoqchi. Agar u koinot agentligi bilan kelisha olmasa, unda butun boyligi – 133 mlrd dollarni shu loyihaga sarflashga tayyor.
Bezos kelgusida Oyda millionlab odamlar ishlashini aytmoqda. Uning fikricha, bu sayyoramiz ekologiyasiga yuklama va elektr energiya sarfini kamaytirishning yagona imkoniyatidir. Bezosning aytishicha, koinotdagi zavodlar quyosh energiyasidan ishlaydi.
“Biz sayyoramizni tark etishimizga to‘g‘ri keladi va biz uni yaxshiroq ko‘rinishga keltiramiz. Biz uni shunchaki tark etamiz, qolmoqchi bo‘lganlar esa qoladilar. Yer og‘ir sanoat uchun eng yaxshi joy emas. Balki hozir bu biz uchun qulaydir, biroq uncha uzoq bo‘lmagan kelajakda – men yuz yillar emas, o‘n yillar haqida gapirmoqdaman – biz Yerda qilishga odatlangan narsalarni Oyda qilishimiz osonroq bo‘ladi, chunki bizda ulkan miqdorda energiya bo‘ladi”, deb aytgan Bezos.
Bezos bir urinishda Oyga 5 tonnadan ko‘proq yuk, keyinchalik esa odamlarni yetkazuvchi qurilma modelini namoyish qilgan.
Yaqinda Bezosning Blue Origin kompaniyasi joriy yilda o‘zining subortibal kemasi New Shepard’ning ilk va muvaffaqiyatli sinovini o‘tkazdi. Kema jamoasi uni muvaffaqiyatli uchirib, qo‘ndira olgan. Kema o‘zi uchun maksimal balandlikka – 106 kmga ko‘tarilgan. Bu balandlik orqali, xalqaro standartlarga ko‘ra, Karman chizig‘i o‘tadi, aynan undan keyin koinot boshlanadi. Kema sayyohlarni aynan shu balandlikkacha ko‘tarishi rejalashtirilmoqda.
Blue Origin 2021-2022 yillarda orbitaga Eutelsat Communications SA sun'iy yo‘ldoshini yetkazadi. Bu missiya uchun kompaniya New Glenn raketasini qo‘llaydi. Kema hozircha loyihalanish bosqichida turibdi.