Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan MITCROADMAP2018 konferensiyasida mutaxassislar soha bo‘yicha ishlab chiqilgan "yo‘l xaritasi"ning muhim punktlari, ICT sohasidagi muammolar va rivojlanish istiqbollarini muhokama qilishdi.
Konferentsiya davomida 2021 yilgacha amalga oshirishga mo‘ljallangan «SMART Government Uzbekistan», ya'ni "O‘zbekistonning aqlli hukumati" tizimini rivojlantirishga doir yangi strategiya namoyish qilindi.
Strategiya eng yaxshi jahon tajribalarini o‘zida jamlagan bo‘lib, innovatsion loyihalarni amalga oshirishga yangicha yondashuvni ko‘zda tutadi.
"O‘zbekistonning aqlli hukumati" birinchi navbatda xizmatlar ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. 2018 yilning o‘zida 50 dan ortiq talabgor davlat xizmatlarini tatbiq qilish rejalashtirilmoqda, ularning 70 foizi barcha toifadagi fuqarolarga mo‘ljallangan. Ortiqcha xatti-harakatlarga chek qo‘yish maqsadida barcha davlat organlaridagi ma'muriy jarayonlar optimallashtiriladi.
Hukumat organlari faoliyati ochiqligini ta'minlash uchun yil oxirigacha 400 dan ziyod ochiq ma'lumotlar to‘plami ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, "yagona darcha" markazlari faoliyati avtomatlashtirilishi va davlat organlarining 25 dan ortiq axborot tizimi yaratilishi ko‘zda tutilgan.