Dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoq rahbari Mark Tsukerberg uning Facebook kompaniyasi Yevropa ittifoqining 25 maydan kuchga kiruvchi shaxsiy ma'lumotlarni himoyalash (General Data Privacy Regulations) tartib-qoidalariga amal qilishni ta'minlashini aytdi.
Yevropa ittifoqining ma'lumotlarni himoyalash haqidagi reglamenti kompaniyalarni iste'molchiga qaratilgan shaxsiy ma'lumotlarni himoyalash sozlanmalarini o‘rnatishga majburlaydi. Jumladan, foydalanuvchilar shaxsiy ma'lumotlarni to‘liq o‘chirish huquqiga ega bo‘ladilar, 16 yoshdan kichiklarning shaxsiy ma'lumotlaridan foydalanishda ularning ota-onalari yoki vasiylari ruxsati kerak bo‘ladi. Agar reglament talablari buzilsa, kompaniya qoidabuzarlikning og‘ir-yengilligiga qarab 20 mln yevrogacha yoki yillik oborotining 4 foizigacha jarimaga tortilishi mumkin.
Shuningdek, Facebook foydalanuvchilar shaxsiy ma'lumotlarini nazorat qilish uchun bir qator yangi vositalar, jumladan muayyan akkauntga bog‘langan ma'lumotlar tarixini tozalash imkoniyatini taklif qiladi.
Tsukerberg uning kompaniyasi Facebook’dagi ko‘plab yolg‘on yangiliklar va ma'lumotlarga javobgar bo‘lgan yolg‘onchi akkauntlarni o‘chirib tashlash uchun sun'iy ong texnologiyasidan foydalanishini aytdi.
“2017 yil Fransiya prezidenti saylovlari arafasida tizimlarimiz 30 mingdan ko‘proq soxta sahifalarni aniqlab, yo‘q qilgan”, deb qo‘shimcha qilgan Tsukerberg.