O‘zbekistonda uyali aloqa xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 23 millionga yaqin bo‘lsa, internet xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 20 milliondan ziyodni tashkil etadi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbari Azim Ahmadxo‘jayev MiTS ROAD MAP 2018 tadbiri doirasida shunday bayonot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik va idoralar 350 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. "Shunday bo‘lsa-da, barcha foydalanuvchilardan kelib tushayotgan savollarning aksariyat qismi aynan internet, uning tezligi va bahosi bilan bog‘liq. Shubhasiz, uning jahon tendensiyalariga nomuvofiqligi - mamlakatning raqamli transformatsiyasi uchun to‘sqinlik qiladi", - deydi u.
Vazirning ta'kidlashicha, o‘tgan yilning may oyida internet tashqi kanalining o‘tkazuvchanlik xususiyati soniyasiga 65 Gbit'ni tashkil qilgan, bugunga kelib esa bu ko‘rsatkich 160 Gbit'ga yetkazilgan. Yaqin kelajakda esa xalqaro tarmoqlarimizning o‘tkazuvchanlik xususiyatini 10 baravarga oshirish rejalashtirilgan. Bu esa O‘zbekistonda yashovchi abonentlar foydalanuvchi internet tezligini oshirish imkonini beradi.