OTB Qoraqalpog‘istonning suv ta'minotini yaxshilash uchun 145 mln dollar ajratadi

O‘zbekiston 21:17 / 21.05.2018 5128

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi suv ta'minoti va sanitariya xizmatlarini yaxshilash maqsadida 145 million dollar miqdorida zayom ajratadigan bo‘ldi. Loyiha 388 ming kishining (ularning yarmi ayollar va bolalar) suv ta'minoti va sanitariya xizmatlarini qamrab oladi, deya xabar beradi bank matbuot xizmati

"Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun suv ta'minoti sharoitlarini yaxshilash juda muhim, - dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo departament shaharsozlik bo‘yicha bosh mutaxassisi janob Xao Jang. - Suv ta'minoti va sanitariya tizimlarini modernizatsiyalash odamlar, xususan 178 ming nafar ayol va bolalarning turmush tarzi sifatini oshirish imkonini beradi, ular uzluksiz ravishda markazlashtirilgan suv ta'minoti tizimiga ega bo‘lishadi".

Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda hududdagi aholining bor-yo‘g‘i 37 foizi markazlashtirilgan suv ta'minoti tizimidan foydalanadi, aholining 40 foizi esa haftasiga 6 soatdan kamroq suv xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega. 

Mazkur loyiha doirasida uch suv tozalovchi stansiya qurilishi, qayta tiklanishi va kengaytirilishi; 300 km suv quvurlari magistrallari qurilishi va qayta tiklanishi; 28 suv taqsimlovchi markaz qurilishi va reabilitatsiyasi; 900 km'ga yaqin suv taqsimlash tarmog‘i qurilishi va qayta tiklanishi va suv iste'molini o‘lchovchi hisoblagichlar bilan ta'minlash ishlari amalga oshiriladi.

Loyihani 2024 yilning iyuligacha amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Uning umumiy qiymati O‘zbekiston hukumatining 27,3 million dollarlik mablag‘larini qo‘shganda 172,3 million dollarni tashkil qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: