Yangi haydovchilik guvohnomalari hududlarda 1 iyundan beriladi

O‘zbekiston 15:09 / 21.05.2018 67091

2018 yil 1 iyundan Davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari turlari yana 31taga ko‘payadi.

Hozirgi kunda haydovchilik guvohnomalarining yangi namunalarini berish yoki almashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish faqatgina Toshkent shahrining Mirobod, Yunusobod, Uchtepa, Shayxontohur tumanlari va Namangan shahar Davlat xizmatlari markazlarida joriy etilgan, deb xabar bermoqda O‘zA Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limiga asosan.

2018 yil 1 iyundan e'tiboran Nukus, Andijon, Termiz, Kogon, Zarafshon, Shahrisabz, Qo‘qon shaharlari, Do‘stlik, Pastdarg‘om, Sirdaryo, Chirchiq va Xonqa tumanlari Davlat xizmatlari markazlarida ham ushbu turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish joriy etilishi belgilangan.

Yangi guvohnomalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasiz ma'lumotlar almashinuvi uchun elektron belgi (NFC), maxsus himoyaga ega. Unda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, yuridik shaxslar uchun - soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami saqlanadi.

Kutilishicha, 2019 yil 1 yanvardan 2020 yil 31 dekabrgacha guvohnomalarni almashtirish majburiy hisoblanadi. Yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi 10 yil muddatga beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq endi jismoniy shaxs – soliq to‘lovchi soliq va boshqa to‘lovlardan qarzi yo‘qligi (borligi) haqida ma'lumotnomani; jismoniy shaxslar STIRni Davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlaridan olishi mumkin ekani xabar qilingandi. 

Ko‘proq yangiliklar: