Apple o‘z tarixida uchragan ilk muvaffaqiyatsizlik 

Fan-texnika 00:08 / 20.05.2018 10035

1980 yil 19 mayda Apple Computer Anahaymda (Kaliforniya shtati) o‘zining yangi Apple III kompyuterini taqdim qilgan. Bu qurilma kompaniyaning tarixidagi ilk muvaffaqiyatsizlik bo‘lgan. Kompyuterni Apple II’ning “davomchisi” va biznesga mo‘ljallangan shaxsiy kompyuter sifatida yaratish rejalashtirilgan.

E'tiborlisi, bu qurilma yaratilishi vaqtida marketing maqsadlar hammasidan ustun bo‘lgan ilk kompyuter bo‘lgan. Stiv Voznyak Apple II’ga boshchilik qilgan va hech narsa qilish kerakmas, chunki uning fikricha, mukammal kompyuter yaratib bo‘lingan. Apple III marketing bo‘limiga va shaxsan Stiv Jobsga topshirilgan. U o‘shanda kompaniyaning ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar bo‘yicha vitse-prezidenti bo‘lgan. Jobs yangi kompyuterga qat'iy o‘lchamlar va shakl bergan hamda ularga ventilyatorlar o‘rnatishni taqiqlagan. Issiqlik yutish masalasini esa og‘ir alyuminiy korpus yordamida hal qilishga to‘g‘ri kelgan.

Yangi kompyuter uchun yangi operatsion tizim yaratilgan va Apple II uchun mo‘ljallangan dasturlar unga tushmagan. Biroq avvalgi model ixlosmandlarini yo‘qotmaslik maqsadida dasturlarni eski usulda yuklash imkoniyati qoldirilgan. Yangi kompyuter chiqishi katta reklama kampaniyasi bilan borgan, Apple II bo‘yicha barcha ishlar yopilib, barcha kuchlar yangi loyihaga tashlangan. Biroq afsuski, tez orada Apple III butlovchi qismlari juda zich joylashgani va sifatsiz ulagichlar sababli qizib ketishi natijasida tez ishdan chiqishi aniqlangan.

Kompyuterning muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga yana bir sabab, u uchun sifatli dasturlar bo‘lmagan,  Apple II rejimida esa qurilmani to‘laqonli ishlatib bo‘lmagan. Shu sababli tashqi platalar ulanishi bloklangan. Kompyuter, shubhasiz, keyinchalik takomillashtirilgan, biroq kompaniya nufuziga putur yetib bo‘lgan va 1983 yilda IBM PC savdolar hajmi bo‘yicha 1-o‘ringa chiqqan. Apple III esa 1984 yildayoq ishlab chiqarilishdan olingan.

Ko‘proq yangiliklar: