The New York Times gazetasining xabar berishicha, 2006 yildan buyon Qo‘shma Shtatlarning 26 nafar fuqarosi tugmasi bosib o‘t oldiriladigan mashinalarning motori o‘chirilmaganligi tufayli halok bo‘lishgan. Misol tariqasida, Floridada yashagan Devid Shaubning tarixi keltiriladi.
«Fred Shaub Toyota RAV4 avtomobilini o‘z garajiga o‘chirmasdan qo‘yib ketib, simsiz kalit bilan qo‘shni xonaga o‘tgan. U avtomobilni o‘chirdim deb o‘ylagan. Oradan yigirma ikki soat o‘tgach, uni jonsiz holda topishgan. U uxlayotganida uy is gaziga to‘lib bo‘lgan», deb yozadi The New York Times.
NYT mualliflari shu davr ichida 45 kishi o‘chirilmagan tugmali mashinalardan o‘lmay omon qolishganini ham qo‘shimcha qilishgan. Ularning ayrimlarida is gazi bilan bog‘liq bosh miya jarohati aniqlangan.
NYT’ning qayd etishicha, 2018 yilgacha AQShda savdoga chiqarilgan avtomobillarning teng yarmi maxsus kalit talab etmaydigan, pribor panelidagi maxsus tugma bilan ishga tushiriladigan o‘t oldirish tizimi bilan jihozlanmoqda. Ilk marta bunday texnologiya 2000-yillar boshida paydo bo‘lgan.
2011 yilda Amerika avtomuhandislar jamiyati avto ishlab chiqaruvchilarni mashinalarga o‘chirilmagan dvigatellar haqida xabar berish tizimini o‘rnatishga chorlagan. Keyinroq Yo‘l harakati xavfsizligi milliy xizmati ham shunday talab bilan chiqqan. Har ikki tashabbus yirik avtokompaniyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan.
2015 yilda amerikalik yuristlar aksariyat mashhur avto ishlab chiqaruvchilarga nisbatan guruh bo‘lib da'vo arizasi kiritishgan. Ular simsiz kalit avtomobildan uzoqda bo‘lsa tugmali avtomobillar dvigateli o‘zi o‘chishini talab qilishgan. 2016 yil sentabrida sud da'vo arizasini qanoatlantirmagan.