O‘rta yer dengizida 2016 yil mayida aviahalokatda halok bo‘lganlar yaqinlarining advokatlari Apple ustidan sudga arz qilishdi. Ularning fikricha, samolyot uchuvchilar kabinasidagi iPhone yoki iPad portlashi sababli halokatga uchragan.
Hozircha da'vo arizasi qaysi sudga va qanday summaga topshirilgani noma'lum. Ma'lum qilinishicha, samolyotning qulashiga uchuvchilardan biri kabinadagi asboblar paneli ustiga qo‘ygan gadjyet portlashi olib kelgan bo‘lishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, bu yoki iPhone 6S telefoni, yoki IPad Mini plansheti bo‘lgan.
Smartfonning halokatga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida ma'lumot o‘tgan yil boshida paydo bo‘lgan. Bu taxmin tarafdorlari gadjyet portlab ketib, yong‘in yoki qurilmalarda qisqa tutashuv keltirib chiqargani va buning oqibatida pastlay boshlaganini ta'kidlab kelishadi. Smartfonning portlashini samolyot bilan aloqa uzilishidan 7 daqiqa avval dispetcherlar tomonidan yong‘indan ogohlantiruvchi avtomatik trevoga signali olingani ham tasdiqlaydi.
2016 yil 19 may kuni EgyptAir aviakompaniyasining Parijdan Qohiraga uchayotgan Airbus A320 samolyoti O‘rta yer dengizida halokatga uchragan. Falokatning asosiy sababi terakt deb hisoblanadi, chunki halok bo‘lganlar qoldiqlari tahlili samolyot bortida portlash bo‘lganini ko‘rsatgan.