Koreyada bir kun: Samsung'ning innovatsion texnologiyalar olamiga sayohat

Fan-texnika 13:00 / 14.05.2018 23320

Samsung D'Light Seul shahrida joylashgan zamonaviy ko‘rgazmalar majmuasi bo‘lib, bu yerda kompaniya mutaxassislari tomonidan yaratilgan so‘nggi texnologik yutuqlar va qurilmalar, yangi tovarlar  bilan yaqinroq tanishish imkoni mavjud. Kun.uz muxbiri mazkur texnologik muzeyda bo‘lib, maxsus fotoreportaj tayyorladi.

Majmua nomi ikki so‘zning birlashuvidan tashkil topgan: "light"- "yorug‘lik" va "digital" - "raqamli". Bu jumlalar mazkur bino asoschilarining asosiy g‘oya va maqsadi - yangi raqamli texnologiyalar olamiga eltuvchi yorug‘ yo‘l, degan ma'noni anglatadi.

Siz bu yerda HR, AR va Smart Home texnologiyalarining eng so‘nggi namunalariga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Bino 3 qavatdan tashkil topgan. Ekspozitsiyada turfa xildagi ko‘plab mahsulotlarni uchratish mumkin: superzamonaviy modeldagi mobil telefonlar, ultra ixcham hajmli noutbuklar, kristallashgan yangi zamon televizorlari, raqamli fotoapparat hamda videokameralar.

Mehmonlar qiziqishini to‘laqonli ta'minlash uchun turli interaktiv o‘yinlar, musobaqalar, aksiyalar ham tashkil etiladi.

Shuningdek, bu yerda nafaqat sotuvdagi, balki yaqin kelajakda ishlab chiqariluvchi eng zamonaviy texnologik yangiliklarni ham uchratish mumkin. Stendlar orasida eng mashhuri - "Effektli suratlar maydoni" bo‘lib, kirish qismda tushilgan portret suratlar maxsus effektlar orqali katta ekranda paydo bo‘ladi. Bu esa tashrif buyuruvchi mehmonlarga o‘zgacha kayfiyat baxsh etadi.

Samsung kompaniyasining mazkur ko‘rgazmalar majmuasi nafaqat yangi mahsulotlarni tanishtirish va targ‘ib qilish, balki yoshlarni texnologik ilmiy bilimlar bilan tarbiyalash, Janubiy Koreyaning AT sohasidagi tutgan beqiyos o‘rnini namoyon qilish uchun faoliyat olib boradi. 

Birinchi qavatda maxsus do‘kon bo‘lib, bu yerda istalgan mahsulotni sinovdan o‘tkazish hamda xarid qilishingiz mumkin. Bundan tashqari, Samsung D'Light majmuasida katta zamonaviy okeanarium ham joylashgan.

Feruza Avazova tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: