NASA Marsga vertolyot jo‘natadi

Fan-texnika 00:48 / 13.05.2018 7004

NASA koinot agentligi Marsga “Mars-2020” missiyasi doirasida kichik vertolyotni yuborishini ma'lum qildi. Agentlik vertolyot yordamida havodan og‘irroq qurilmalarning Mars atmosferasida uchishga qodirligini tekshirmoqchi.  

30 kun davom etadigan sinovlar 5 ta parvozni o‘z ichiga oladi, ulardan har biri avvalgisidan masofa (bir necha yuz metrgacha) va vaqt bo‘yicha uzoqroq (90 soniyagacha) davom etadi. Birinchi parvoz vaqtida qurilma 3 metrga vertikal ko‘tarilib, 30 soniyaga bir joyda uchib turishi kerak bo‘ladi.  

Qurilma NASA tomonidan sinovdan o‘tkazildi, uning og‘irligi 1,8 kg ni tashkil qiladi. Vertolyotning turli tomonga aylanuvchi parraklari bir daqiqada 3 ming, ya'ni oddiy vertolyotlardan 10 marta ko‘proq oborot qiladi.

Kelgusida bunday missiyalarni hududni razvedka qilish va yo‘nalishlar tuzishda qo‘llash mumkin. Bunday vertolyotlar roverlar yeta olmaydigan joylarga kirib borishda yordam beradi.

Mars 2020 missiyasiga 2020 yil avgustda start berilishi rejalashtirilgan. Qizil sayyoraga vertolyot bilan birga u yerda 2011 yildan beri qolayotgan “Kyuriositi”ga o‘xshash rover yuborish mo‘ljallangan. Marsoxod sayyoraning geologiyasini tadqiq qiladi, unda hayot izlarini qidiradi hamda tabiiy zaxiralar va odamlar uchun xavflarni baholaydi.

 

Ko‘proq yangiliklar: