Aholining oltin yombilar sotib olishiga ruxsat berish taklif qilindi

Iqtisodiyot 10:01 / 11.05.2018 35190

Markaziy bank aholining oltin yombilar sotib olishiga ruxsat berishni taklif qildi. Bu Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Spot'ning yozishicha, «Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida»gi loyiha nafaqat yuridik shaxslar, balki jismoniy shaxslar, shu jumladan norezidentlar uchun ham qimmatbaho metallarni omonat sifatida saqlashga ruxsat berishni taklif qilmoqda.

Hujjatda aytilishicha, muomalaga chiqarilgan yombilar jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan sarmoyalar sifatida foydalanilishi (sotib olinishi) mumkin. 

Yombilarni so‘mga sotish rejalashtirilmoqda.

«Investitsion yombilar bilan kelishuvlarni amalga oshirishda to‘lov so‘mda amalga oshiriladi, bunda kelishuv paytida xalqaro bozordagi narxlardan foydalaniladi», - deyiladi loyihada. 

Shuningdek, ushbu qimmatbaho metallar va toshlarni qazib olish hamda ishlab chiqarishni davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarish hisobidan rag‘batlantirish taklif qilingan.

O‘zbekistonda hozir faqat ro‘yxati cheklangan yuridik shaxslarga qimmatbaho metallar aylanmasidan foydalanishga ruxsat etiladi. Agar qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, aholi banklarda shaxsiy qimmatli metall hisoblarini ochishi mumkin.

 

Ko‘proq yangiliklar: