Davlat xavfsizlik xizmatining (DXX) Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari Afg‘oniston, Tojikiston va Qirg‘izistondan O‘zbekistonga olib kelingan narkotik moddalarni to‘xtatib qoldi. Bu haqda Telegramʼdagi Xavfsizlik kanalida reyd tadbirlari aks etgan video e’lon qilindi.
Jumladan, Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yashovchi, 53, 50 va 39 yoshli 3 nafar fuqaro Tojikistondan 10 kg 50 gr opiy va 10 kg 29 gr gashish moddalarini kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tgan vaqtida DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘lga olindi.
DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda narkokurerlar tomonidan Afg‘onistondan olib kelinib, Muzrabot tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 1 kg 953 gr opiy va 4 kg 116 gr gashish moddalarini qabul qilib olgan.
Bu vaqtda Termiz shahrida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs ushlandi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu narkotik moddalarni Termiz shahrida qabul qilib olgan vaqtida 48 yoshli Qozog‘iston fuqarosi ushlandi.
Termiz tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam narkokurerlar tomonidan xufiya joyga qoldirib ketilgan 922 gr opiy va 4 kg 203 gr gashish moddalarini olib, doimiy yashash manziliga ketmoqchi bo‘lgan vaqtida Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi, 47 yoshli fuqaro ushlandi. Mazkur shaxs ushbu moddalarni har bir kilogrammini afg‘onistonlik narkosavdogarlardan 2300 dollardan sotib olgan.
Sariosiyo tumanida qayd etilgan holatda Denov tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan 56 yoshli shaxs to‘xtatib tekshirilganda, uning yonida 4 kg 80 gr gashish moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvandlik vositasi Tojikistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.
Bu yo‘nalishda DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham tezkor tadbirlar o‘tkazishdi. Xususan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 45 yoshli shaxs boshqaruvidagi Gentra rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, uning salon qismida 975 gr opiy moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham 789 gr opiy hamda 5 kg 239 gr gashish moddalari olindi. Aniqlanishicha, mazkur fuqaro tojikistonlik narkosavdogarlar tomonidan yuborilgan ushbu giyohvand moddani Qo‘qon shahrida sotishni rejalashtirgan.
Boshqa holatda esa muqaddam qirg‘izistonlik narkokurerlar tomonidan Quvasoy shahri hududidagi yashirin joyga qoldirib ketilgan 4 kg 922 gr gashish moddasini olib, doimiy yashash manziliga ketayotgan vaqtida Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi, 26 yoshli shaxs ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.