Ishlab chiqarishning avtomatlashtirilishi mamlakatda ishsizlik ko‘payishiga sabab bo‘ladimi? 

Iqtisodiyot 07:51 / 10.05.2018 6665

Zamonaviy texnologiyalar bir joyda to‘xtab turmaydi. U muntazam takomillashgani sayin, tabiiyki, sohaning qonunchilik asoslari ham mustahkamlanib boraveradi. Davlat rahbarining 2018 yil 19 fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ana shunday shiddatli davr talabiga hamohang ravishda o‘z vaqtida qabul qilingan hujjatdir. “Xalq so‘zi” muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov bilan mazkur farmonning dolzarbligi, tarmoqda kuzatilayotgan yangiliklar borasida suhbat qildi.

— Farmonga ko‘ra, raqamli iqtisodiyot bo‘yicha yangi boshqarmaga asos solindi. Bu mamlakatimizda tadbirkorlik va umuman, iqtisodiyotni rivojlantirishda qanday rol o‘ynaydi?

— Avvalo, shuni aytish joizki, raqamli iqtisodiyot, bu — alohida faoliyat turi emas. Bu, aslida, ishbilarmonlik, sanoat obektlari, xizmatlar deganidir. “Raqamli” atamasi mazkur sohalarning barchasi axborot texnologiyalaridan faol foydalanishni anglatadi. Agar oddiy iqtisodiyotda moddiy buyumlar asosiy resurs hisoblansa, raqamli iqtisodiyotda bu qayta ishlanadigan hamda uzatiladigan axborot, ma'lumotlar bo‘ladi. Ularning tahlilidan so‘ng to‘g‘ri boshqarish bo‘yicha yechim ishlab chiqiladi.

Darvoqe, “raqamli iqtisodiyot” atamasi milliy qonunchiligimizda ilk bor qo‘llanilmoqda. Biroq dunyo tendensiyasi shuni ko‘rsatyaptiki, barcha rivojlangan davlatlar uni shakllantirishga allaqachon kirishgan. O‘zbekiston ham mazkur jarayondan chetda qolmasligi kerak. Zero, biz globallashuv, dunyo hamjamiyati bilan integratsiyaga kirishish haqida gapirarkanmiz, bu borada o‘zgargan (transformatsiya qilingan, yangilangan) iqtisodiyot ravnaqi muhim sanaladi.

Yaratilgan maxsus boshqarma iqtisodiyotning real sektori korxonalariga avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish bilan shug‘ullanadi. Bu yirik sanoat obektlari ish samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishda o‘sish, faoliyat shaffofligini ta'minlash, mahsulot tannarxini kamaytirish imkonini beradi.

Agar global nuqtai nazardan qaralsa, bugun bashariyat jahon iqtisodiyoti tarmoqlari, insonlar hayoti, turmush asoslari o‘zgarishi bilan bog‘liq qiziq davrni boshdan kechirmoqda. Bu barcha texnologiya, kompyuterlar internet orqali bir-biri bilan bog‘lanib borayotgani ila izohlanadi. Ma'lumotlarga qaraganda, bugungi kunda qariyb besh milliard qurilma butunjahon “o‘rgimchak to‘ri”ga ulangan. Yaqin besh yil ichida ularning soni yigirma milliardga yetishi kutilayotir.

Ayni paytda sun'iy aql va kognitiv intellektual tizimlar jadal taraqqiy topyapti. Buning natijasida yaqin kelajakda ayrim kasblar o‘z dolzarbligini yo‘qotadi hamda vaqti kelib, yo‘q bo‘lib ham ketadi. Misol uchun, “IoT” avtomatlashtirilgan tizimi allaqachon sinovdan o‘tkazilyapti. Pirovardida robotlar avtomobil haydovchilari, uchuvchilar va hatto, huquqshunoslarning ham o‘rnini egallashi mumkin.

— Ishlab chiqarishning avtomatlashtirilishi mamlakatda ishsizlikning ko‘payishini anglatmaydimi?

— Kelgusida mexanik hamda jismoniy mehnat o‘rnini robototexnika egallashi kun sayin oydinlashib boryapti. Shuning uchun strategiya ishlab chiqish, raqamli ko‘nikmalarni ommaviy shakllantirishni ta'minlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri sanaladi. Yoshlar yangi kasblar, turli texnologiyalardan foydalanish, kompyuterlar, internet, katta miqdordagi raqamli ma'lumotlarga ishlov berishga tayyor turishi kerak. Ya'ni qandaydir jarayonlar avtomatlashtirilar ekan, odamlarni boshqa, yanada dolzarb intellektual kasblarga yo‘naltirish lozim. Agar bu ish qilinmasa, “raqamli uzilish” deya nomlanuvchi holat yuzaga keladi va u AKTning jadal rivojlanishi bilan o‘tkirlashib boraveradi.
Qisqacha aytganda, bugun raqamli iqtisodiyotning ikkita vazifasi bor: amaldagi jarayonni izchil avtomatlashtirib borish hamda odamlarni o‘z faoliyatida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga tayyorlash.

Ko‘proq yangiliklar: