Vazirlar Mahkamasining 3.05.2018 yildagi 320-son qarori bilan Fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste'mol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetidan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Norma’ning yozishicha, hujjatda paxta va boshoqli don ekinlarini yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga doir qator chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Birinchidan, joriy yil 1 apreldan boshlab nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun iste'mol qiladigan elektr energiyasi qiymati Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Bunda sug‘orish uskunalari elektr energiyasi iste'molini hisobga olish uskunalari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
Ikkinchidan, suv iste'molchilari uyushmalari tasarrufidagi, fermer xo‘jaliklari tomonidan foydalaniladigan nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari 1 iyunga qadar ularga bepul o‘tkazib beriladi.
Uchinchidan, ajratilgan mablag‘larning yil yakuni bo‘yicha iqtisod qilingan qismi energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va sug‘orish uskunalarini ta'mirlash uchun fermer xo‘jaliklari ixtiyorida qoladi.
Juda qisqa muddatda suv olish limitlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi hamda barcha suvdan foydalanuvchilar e'tiboriga yetkaziladi.
Hujjat doirasida quyidagi iste'molchilarga nisbatan xarajatlarni qoplash bo‘yicha imtiyozlar tatbiq etilmaydi:
• elektr energiyasi iste'molini hisobga olish uskunasini o‘rnatmagan;
• hisoblagichlarni o‘rnatgan bo‘lsa ham, tuman elektr tarmoqlari tashkilotida ro‘yxatdan o‘tmagan;
• paxtachilik klasterlari bilan qamrab olingan.
Elektr energiyasi xarajatlari qay tartibda qoplanadi
Har yili hududiy va tuman ishchi guruhlari tashkil etiladi. Tuman ishchi guruhlari tarkibiga: moliya, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya, yer tuzish va davlat kadastri tuman bo‘limlari rahbarlari, shuningdek mahalliy elektr tarmoqlari tashkiloti va boshqa tashkilotlarning rahbarlari kiradi. Komissiyalarga tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari boshchilik qiladi.
Har yilning 1 apreligacha tuman komissiyalari har bitta fermer xo‘jaligiga chiqib, sug‘orish uskunalari, sug‘oriladigan yerlar holatini o‘rganadilar va xatlovdan o‘tkazadilar, hisoblagichlarning mavjudligini tekshiradilar va dalolatnomani rasmiylashtiradilar. Unda quyidagilar aks ettiriladi:
• uskunalarning texnik parametrlari;
• sug‘orish uchun elektr energiyasi iste'moli xarajatlarining hisob-kitobi.
So‘ng dalolatnomalar hududiy komissiyalarga taqdim qilinadi, u yerda ularni o‘rganish va umumlashtirish asosida viloyat bo‘yicha elektr energiyasi sarfini qoplash bo‘yicha talablar ishlab chiqilib, Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim qilinadi. U, o‘z navbatida, umumlashtirilgan ma'lumotlarni Davlat byudjyeti parametrlarini rasmiylashtirishda ularni hisobga olish uchun Moliya vazirligiga taqdim etadi.
Mablag‘lar tuman kassa bo‘limida iste'molchiga maxsus ochiladigan shaxsiy kassa hisobraqamiga o‘tkaziladi. Shuningdek har bir iste'molchiga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankida maxsus hisobvaraq (23410) ochiladi.
Hujjat 3.05.2018 yildan kuchga kirdi.