Telegram messenjerining asoschisi Pavel Durov Rossiyada Telegram uchun «g‘alaba qozongunga qadar» kurashish niyatida ekanini xabar berdi va Rossiya hukumati texnologik kompaniyalariga nisbatan «bajarib bo‘lmaydigan ultimatumlar tili»dan voz kechishiga umid qilishini aytdi. Bu haqda u «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozgan.
Eslatib o‘tamiz, 8 may kuni Telegram Rossiya Oliy sudining qarori yuzasidan shikoyat bilan chiqdi. Qarorda FXXning messenjerda xabarlarni qayta shifrlash to‘g‘risidagi qarori qonuniy deb topilgandi. Bu haqda advokat Pavel Chikov xabar bergan. «Rossiya Oliy sudi Apellyatsion kollegiyasiga shikoyat yuborildi. Unda Telegram vakillari Rossiya Oliy sudining 2018 yil 20 martdagi qarorini butunlay bekor qilishni so‘rashgan», - deya yozdi Chikov o‘z Telegram-kanalida.
«Umid qilamanki, Rossiya hukumati bugungi kunda texnologik kompaniyalar bilan muloqot olib borilayotgan bajarib bo‘lmas ultimatumlar tilidan voz kechadi», - deya vaziyatga izoh berdi Durov. «Shunga qaramay, biz Rossiyada Telegram uchun kurashni davom ettiramiz. Ajdodlarimiz tarixi bizni oxirigacha kurashishga o‘rgatadi», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u va barchani G‘alaba kuni bilan tabrikladi.
Telegram asoschisining tushuntirishicha, agar FXX bir necha terrorchi haqida ma'lumot so‘rash bilan cheklanganida, unda bu talab Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga mos kelardi. «Biroq, gap universal shifrlash kalitlari haqida ketyapti. Bundan maqsad - cheksiz shaxslarning yozishmalariga cheklovsiz kirib borish», - deya yozgan u. «Bu esa - Konstitutsiyaning har bir kishining maxfiy yozishmaga bo‘lgan huquqi to‘g‘risidagi 23-moddasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzilishi», - deya ta'kidlagan Durov.
«Ba'zi hollarda Telegram Rossiyada «qonun bu qonun»ligi uchun bloklab qo‘yilganini aytishmoqda. Biroq Telegram Rossiyada mamlakatning asosiy qonuni - Konstitutsiyaga zid ravishda bloklandi. Konstitutsiyaga zid bo‘lgan sud qarorlari va qonunlar hech qanday kuchga ega emas», - deya hisoblaydi Durov. U Telegram Rossiyada noqonuniy tarzda bloklanganiga ishonchi komil.