«MegaFon», Gazprombank, «Rostex» va USM Holdings qo‘shma kompaniya tashkil etishga qaror qildi, u «MF texnologii» (MFT) deb nomlanadi. Bu haqda RBK yozmoqda. Yangi kompaniya raqamli iqtisodiyot sohasiga loyihalar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi, deb aniqlik kiritgan «Kommersant'».
Nashr ma'lumotiga ko‘ra, «MegaFon» MFTga Mail.ru Group’ning o‘ziga tegishli to‘plami qismini beradi – A toifadagi 11,5 mln aksiya, ya'ni milliarder Alisher Usmonovning internet-xoldingidagi 5,23 foiz iqtisodiy hamda 58,87 foiz ovoz berish imkonini taqdim etuvchi ulushi. Buning evaziga «MegaFon» tarkibidagi Lefbord Investments Ltd yangi kompaniyaning 45 foizini oladi. Gazprombank MFTning 35 foizini, «Rostex» — 11%, USM — 9%ni oladi.
MFT kelishuv davomida 450 mln dollarga baholanishi hisobga olinsa, Gazprombank $157,5 mln, «Rostex» — $49,5 mln, USM — $40,5 mln to‘laydi, deb qo‘shimcha qilgan gazeta.
Nashr manbalari ma'lumotiga ko‘ra, Mail.ru Group yangi sherikchilik doirasida Gazprombank kredit resurslaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi va foydalanuvchilarga bank raqamli mahsulotlarini taklif etadi.