Yaponiyada uchar avtomobil prototipi keng ko‘lamda sinovdan o‘tkazishga tayyor. Sankei gazetasi xabariga ko‘ra, sinov may oyida Ayti prefekturasidagi Toyoda shahrida joylashgan poligonda pilotsiz avtomatlashtirilgan rejimda o‘tkaziladi. Bu yerda Toyota Motor zavodlari joylashgan.
Mashina to‘rtta vintga ega bo‘lib, ular unga xuddi kvadrokopter kabi uchish imkonini beradi. U avtomobil rejimida uchta g‘ildirakda harakatlanadi. Mashina uzunligi – 3,7 metr, balandligi – 1,5 metr. Taxminlarga ko‘ra, avtomobil ikki kishiga mo‘ljallangan.
Loyihachilar rejasiga ko‘ra, mashina 10 metrgacha balandlikka ko‘tarilishi va soatiga 100 kilometr tezlikda parvoz qilishi mumkin. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, uni ishlab chiqish Tokioda 2020 yilda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadagacha butunlay yakunlanadi. Taxminlarga ko‘ra, uchar avtomobil Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etadi. Shuningdek, aynan uchar avtomobil haydovchisi Olimpiya mash'alasini yoqishi kutilmoqda.