O‘zbekiston Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston - Hindiston gaz quvurini (TAPH) qurish uchun o‘z mablag‘larini yo‘naltiradi. Bu haqda O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi bosh direktori Baxtiyor Hamidov ma'lum qildi.
«Mamlakatlar o‘rtasida juda katta savdo aylanmasi, turli loyihalar bor. Turkmaniston tomonining iltimosiga ko‘ra, O‘zbekiston TAPH gaz quvuriga sarmoya kiritadi va qurilishida ishtirok etadi», - dedi Hamidov.
O‘zbekistonning gaz quvurini qurishdagi ishtiroki shu yilning aprel oyida prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasidagi muzokaralarda muhokama qilindi.
«O‘zbekiston TAPH qurilishida ishtirok etadi. Ushbu loyihada umumiy nuqtalarni topamiz», - dedi Mirziyoyev.
Ikki tomonlama ishchi guruh O‘zbekistonning loyihada ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
Uzunligi taxminan 1814 km bo‘lgan gaz magistralini qurish 2015 yil dekabr oyida Turkmaniston hududida boshlangan. Uning yillik quvvati 33 milliard kubometrni tashkil etadi.
Avvalroq, obekt qurilishi 2020 yilgacha tugallanishi rejalashtirilgandi, ammo hozirgi kunda ishtirokchi mamlakatlar transmilliy quvurni kelgusi yildayoq ishga tushirish niyatida.