AQShning elektrmobillar ishlab chiqaruvchisi Tesla 2018 yilning birinchi choragida aksiyadorlar hissasiga to‘g‘ri keluvchi 709,551 mln dollar miqdorida sof zararga ega bo‘ldi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 2,1 barobarga ko‘proq, deyiladi kompaniya hisobotida.
The Wall Street Journal gazetasi ma'lumotlariga ko‘ra, bu kompaniya tarixidagi eng yirik chorak zarari. Bundan tashqari, 2018 yilning birinchi choragi kompaniya rekord zararga ega bo‘lgan qatorasiga beshinchisi bo‘ldi.
Zarar har bir aksiyaga bo‘lib tashlanganda 4,19 dollarga teng bo‘ldi. Tesla’ning chorak daromadi yillik nisbatda 26 foizga o‘sib, 3,41 mlrd dollarga yetdi.
Kompaniyadan ta'kidlashlaricha, Model 3 modelidagi avtomobillar ishlab chiqarishda jiddiy rivojlanishga erishishgan. Tesla 2018 yilning uchinchi va to‘rtinchi choraklarida daromad olishni rejalashtirmoqda. Xususan, bunga Model 3 mashinasini haftasiga 5 mingtadan ishlab chiqarib erishish mumkin.