Kecha, 2 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Namangan viloyatining Norin tumanida viloyat faollari, hokimlar, sektorlar rahbarlari va boshqa mutasaddilar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish davomida davlat rahbari chorvachilik sohasiga e'tiborni kuchaytirish zarur ekanligini ta'kidladi. Bu haqda KUN.UZ muxbiri xabar bermoqda.
“Namanganda yaylov bor, chorva yo‘q. Sohani rivojlantirishga 600 milliard so‘m yetmasa, yana beramiz. Tumanlardagi to‘rt sektor rahbarlari bilib qo‘ysin. Bu pullar yeb ketarga emas, faqat chet eldan mol olib keladiganlarga beriladi. Sut va sutni qayta ishlab chiqarish sohasiga ham e'tibor qaratinglar”, - deya ta'kidladi prezident.
Davlat rahbari chorva mahsulotlarini keskin ko‘paytirish yuzasidan mablag‘ni aholiga yetkazish masalasi bo‘yicha tez kunlarda keng qamrovli ish tashkil qilishni respublika bank sohasi mutasaddilariga topshirdi.