Xalq banki va Respublika «Nasl-xizmat» chorvachilikda naslchilik uyushmasi bilan hamkorlikda bank vakillari, Germaniya, Gollandiya hamda Ukraina davlatlaridan kelgan chorvachilik sohasidagi yetakchi kompaniyalarning mutaxassislari, fermer va chorvadorlar hamda jurnalistlar ishtirokida xalqaro o‘quv seminari boshlandi. Bu haqda Xalq banki Axborot xizmati xabar bermoqda.
— O‘zbekiston bizning uzoq yillik hamkorimiz, — dedi Germaniyaning ZVE-Zushtvieh Export GmbH kompaniyasi tijorat direktori Viktor Berch. — Bu safar yolg‘iz emas, hamkasblarim va boshqa mutaxassislar bilan keldim. Maqsadimiz — O‘zbekistonda nasldor chorva mollarini ko‘paytirish, bozorlarni sifatli go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta'minlashga o‘z hissamizni qo‘shish.
O‘quv seminarda Gollandiyaning Trouw Nutrition kompaniyasining mutaxassislari Igor Detko va Artur Svirid, shuningdek, xalqaro mustaqil Veterinar shifokor Kogan Yaroslav ma'ruza qildi.
— Qishloq xo‘jaligining muhim bo‘g‘ini sanalgan mazkur tarmoqni rivojlantirish maqsadida yurtimizga Rossiya, Ukraina, Yevropa davlatlaridan o‘tgan 2 yil davomida 20 254 bosh naslli qoramol hamda 3 632 bosh jun va sut yo‘nalishidagi echki olib kelindi, — dedi Xalq banki kredit departamenti boshqarma boshlig‘i Bekzod Sarmanov. — Ushbu chorva mollarini olib kelish uchun 241,5 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar yo‘naltirildi. Pirovardida 4500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida Xalq banki tomonidan chorvachilik yo‘nalishidagi 1 600 ta loyihaga 202,5 mlrd.so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. Shundan xorijiy mamlakatlardan 80,1 mlrd.so‘mlik 5 075 bosh nasldor qoramol olib kelinib, naslchilik xo‘jaliklarga tarqatildi.
Masalan, Xalq bank ko‘magida Qiziltepa tumanidagi «Yangi asr» fermer xo‘jaligida 396 bosh, Koson tumanidagi «Istiqlol» ishlab chiqarish savdo tashkilotiga 311 bosh naslli qoramol olib kelinib, parvarishlanmoqda. Surxondaryo viloyatida chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha yana 37 ta kichik loyihalarga 9,9 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratildi. Natijada 200 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Qiziriq tumanidagi «Tojinor Sho‘rchi» fermer xo‘jaligiga2 000 boshga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksini tashkil etish uchun 11,5 mlrd. so‘m kredit mablag‘i yo‘naltirildi. Xo‘jalik rahbari ushbu mablag‘ning 4,8 mlrd. so‘mini chorva kompleksini qurishga, 2,2mlrd. so‘mini sutni qayta ishlash texnologiyalari va qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib olish uchun, 4,5 mlrd. so‘mini 198 bosh naslli qoramollar sotib olishga yo‘naltirdi.Shuningdek, Xalq banki tomonidan chorvachilikni rivojlantirish maqsadida viloyatdagi «Raxmon taraqqiyot» fermer xo‘jaligiga hamda «Bunyodkor Yangiariq» MChJlarga 2,5 mlrd. so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratildi.
Mazkur bankning moliyaviy ko‘magida «O‘znaslchilik» korxonasiga 2017 yilda Germaniyadan 62 bosh “Golshtin”, “Angler”, “Simmental” va “Shvits” zotli naslli buqalar olib kelinib, korxonadagi naslli buqalar soni 132 boshga yetkazildi. Shuningdek, «Qayqubodnaslchorva» MChJ negizida tashkil qilingan Farg‘ona filialiga Germaniya davlatidan 26 bosh naslli buqalar hamda Ukraina davlatidan sun'iy urug‘lantirish laboratoriyasi uchun zarur dastgohlar olib kelindi. Bank tomonidan bu ishlarga 4,5 mlrd.so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.
Ushbu xalqaro o‘quv seminari joylarda ham davom etadi. Jumladan, ertaga Samarqand shahrida, 3 may kuni Urganch tumanida, 5 may kuni esa Andijon tumanida bo‘lib o‘tadi. Ushbu seminarlarda respublikamizning barcha hududlaridan fermerlar va tadbirkorlar ishtirok etishi va malakalarini oshirishi ko‘zda tutilgan.