Banklarning lahzali likvidlilik koeffitsiyenti 10 foizgacha pasaytiriladi

Iqtisodiyot 15:57 / 30.04.2018 5321

Markaziy bank Boshqaruvining qarori bilan Tijorat banklarining likvidliligini boshqarishga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizomga tuzatishlar kiritildi.
 
Birinchidan, «bankning likvidliligi» tushunchasiga aniqlik kiritildi. Endi banklar nafaqat majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajara, balki buni ko‘zda tutilmagan yo‘qotishlarsiz amalga oshira olsalar, likvidli deb hisoblanadilar. Bundan tashqari, banklar aktivlar o‘sishini moliyalashtirishni ta'minlash imkoniyatiga ega bo‘lishlari shart, deb yozmoqda Norma.
 
Ikkinchidan, bankning lahzali likvidlilik koeffitsiyenti ko‘rsatkichi yangilandi. 2017 yil 1 avgustdan bu koeffitsiyent 10%dan kamni tashkil etmas edi, 2017 yil 1 noyabrdan – 15%, joriy yil 1 yanvardan boshlab esa – 20%. Ushbu minimum yana 10%gacha pasaytirildi.
 
Eslatib o‘tamiz, lahzali likvidlilik koeffitsiyenti bank kassasidagi naqd pul va boshqa to‘lov hujjatlari hamda MBdagi hisobvaraqlaridagi mablag‘lari (bundan MBdagi majburiy zaxira hisobvarag‘idagi mablag‘lar mustasno) summasini ushbu Nizomda keltirilgan hisobvaraqlarning qoldiqlari – talab qilib olinguncha majburiyatlar summasiga nisbati orqali aniqlanadi.  
 
Uchinchidan, «yirik qarz» tushunchasiga aniqlik kiritildi. Bu hajmi bank I darajali kapitalining (bankning o‘z mablag‘lari) 5%idan yuqori bo‘lgan bir shaxs yoki bir-biriga daxldor shaxslar guruhiga tegishli qarz.  
 
To‘rtinchidan, likvidlilik hisoboti mazmuniga qo‘shimcha talab joriy etildi. Boshqalar sirasida endi unda keyingi 30 kalendar kuni uchun likvidlilik prognozi bo‘lishi shart.  
 
Beshinchidan, Markaziy bankning qimmatli qog‘ozlari likvidli aktivlar ro‘yxatiga kiritildi.
 
Hujjat 27.05.2018 yildan kuchga kiradi. 

Ko‘proq yangiliklar: