Markaziy bank boshqaruvi 2018 yil 28 apreldagi yig‘ilishda qayta moliyalash stavkasini, iqtisodiyotdagi mavjud va kutilayotgan o‘zgarishlardan kelib chiqib, yillik 14 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi. Bu haqda MB axborot xizmati xabar bergan.
Iste'mol narxlari o‘sish sur'atlarining sekinlashishiga qaramasdan, inflyatsiya darajasini 2018 yil uchun prognoz ko‘rsatkichlari doirasida bo‘lishini ta'minlash bo‘yicha xatarlar saqlanib qolmoqda.
Inflyatsiya. Asosiy iste'mol tovarlari narxlari hamda valyuta almashuv kursining barqarorlashuvi ta'sirida iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalar pasayib borayotgan bo‘lsa-da, inflyatsiyaning kutilayotgan darajasi yuqoriligicha qolmoqda.
Iste'mol baholari indeksi (IBI) usuli bo‘yicha hisoblangan inflyatsiya darajasi 2018 yilning yanvar oyidagi 2,7 foizlik ko‘rsatkichdan so‘ng, fevral va mart oylarida 1,1 foizgacha pasayib, prognoz ko‘rsatkichlari doirasida bo‘ldi.
Ushbu sharoitlarda, 2018 yil uchun inflyatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlariga qat'iy pul-kredit siyosatini davom ettirish orqali erishiladi. Shuningdek, raqobat muhitini yaxshilanishi, tashqi-savdo faoliyatini liberallashtirilishi hamda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan amaliy choralar ichki narxlar barqarorligini ta'minlashga xizmat qilmoqda.
Markaziy bank tomonidan inflyatsion xatarlarni baholashda makroiqtisodiy siyosatdagi tarkibiy o‘zgarishlar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy xatarlar ham inobatga olinib, umumiy talab miqdori hamda iqtisodiyotning iste'mol sektorida narxlarning keskin oshib ketishini oldini olish maqsadida pul-kredit siyosatining inflyatsiyani jilovlashga qaratilgan yo‘nalishi saqlab qolinadi.
Pul-kredit siyosati. Pul bozoridagi foiz stavkalari qayta moliyalash stavkasiga yaqin darajada tebranib turdi. Bu, o‘z navbatida, banklarning depozit va kreditlar bo‘yicha real foiz stavkalarini ijobiy darajada shakllanishiga xizmat qildi.
Joriy yil boshidan Markaziy bankning ichki valyuta bozoridagi intervensiya strategiyasida “xalqaro rezervlarning neytralligini ta'minlash” tamoyiliga asoslangan yangi usuliga o‘tishi, almashuv kursining shakllanishi uchun bozor sharoitlarini yaratib, Markaziy bank tomonidan monetar oltinni sotib olish natijasida iqtisodiyotda yuzaga keladigan qo‘shimcha likvidlik va pul massasini sterilizatsiya qilish imkonini berdi.
2018 yil I choragida pul massasi yil boshidan 1,2 foizga oshib, prognoz ko‘rsatkichlaridan past bo‘ldi.
Iqtisodiyotni kreditlash hajmlari o‘sish sur'ati 2017 yilning ikkinchi yarmidagi pasayishdan so‘ng qayta tiklandi. Bu asosan aholini uy-joy bilan ta'minlash dasturlari, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyot tarmoqlarini moliyalashtirish hajmlarini kengayishi bilan izohlanadi.
2018 yilning I choragida kredit qo‘yilmalari qoldig‘i 9,3 foizga oshdi. Bunda jalb qilingan depozitlar bilan bir qatorda xalqaro kredit liniyalari mablag‘lari kreditlarning asosiy manbalari bo‘ldi.
O‘z navbatida, valyuta bozoridagi intervensiyalarning yangi usulini qo‘llanishi va Davlat byudjyetining muvozanatli ijrosi kredit portfeli o‘sishining pul massasi oshishiga ta'sirini kamaytirish imkonini berdi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar hajmi yuqori sur'atlarda o‘sishini yalpi talab va inflyatsiya darajasiga ta'siri inflyatsion xatarlar nuqtai nazaridan alohida e'tiborni talab qiladi.
Tahlil qilinayotgan davrda rezerv pullar 0,2 foizga va naqd pullar miqdori esa 6,3 foizgacha kamaydi. Muomaladagi naqd pullar hajmining kamayishi banklarning vakillik hisobvaraqlaridagi mablag‘larning mos ravishdagi ko‘payishiga olib keldi.
Muomaladagi naqd pullar hajmi qisqarish dinamikasi kelgusida bank tizimida barqaror darajadagi likvidlik profitsitini shakllantirishini inobatga olib, ushbu tendensiya Markaziy bank tomonidan alohida kuzatib boriladi.
Majburiy rezervlar bo‘yicha yangi talablarning qo‘llanilishi, o‘z navbatida, pul-kredit siyosati instrumentlarining likvidlikni tartibga solishdagi imkoniyatlarini kengayishiga xizmat qiladi.
Real foiz stavkalarining ijobiyligi hamda milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha daromadlarning nisbatan yuqoriligi aholining jamg‘arish faolligini rag‘batlantirmoqda. Joriy yilning yanvar-mart oylarida milliy valyutadagi muddatli depozitlar qoldig‘i 9,5 foizga o‘sdi.
Iqtisodiy va investitsion faollik. Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilning I choragida yalpi ichki mahsulot hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real o‘sishi 5,1 foizni tashkil qildi. Statistik ma'lumotlar asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalarni o‘zlashtirish jarayonlarini jadallashganligini ko‘rsatmoqda.
Ushbu davrda asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmining real o‘sishi 29 foizni tashkil etdi, bu asosan uy-joy qurilishi va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturlarining ijrosi hamda iqtisodiyotning tarmoqlaridagi investitson loyihalarni amalga oshirilishi bilan izohlanadi.
Iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli dasturlarning sifatli amalga oshirilishi, ishlab chiqarish tarmoqlari samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish bilan birga, o‘z navbatida, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta'minlash uchun zaruriy sharoitlarni yaratadi.
Bunda, iqtisodiyotga yo‘naltirilgan investitsiyalar va tarkibiy o‘zgartirishlarning ushbu tarmoqlarda ishlab chiqarish samaradorligini o‘sishiga va xarajatlarni kamayishiga olib kelishi muhim bo‘lib hisoblanadi.
Ichki bozordagi narxlar darajasi va iste'molchilar xatti harakatiga ta'sir etuvchi tashqi hamda ichki omillar dinamikasi, ko‘lami va muddatlari bo‘yicha noaniqliklarning mavjudligini inobatga olgan holda Markaziy bank pul-kredit siyosatini amalga oshirishda ehtiyotkorlik bilan yondashib, qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoldirdi.
Iqtisodiyotda nominal foiz stavkalari yuqori bo‘lishiga qaramasdan real foiz stavkalari ijobiyligi minimal darajada saqlanib qolmoqda. Bunda, iqtisodiy islohotlarni samarali amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlashda inflyatsion xatarlar salmog‘ining yuqoriligi pul-kredit siyosati joriy shartlarda davom ettirishni taqozo etadi.
Markaziy bank inflyatsiyaning ichki va tashqi omillari dinamikasini, iqtisodiyotdagi inflyatsion xavflarning xususiyati va darajasini hisobga olgan holda pul-kredit siyosati shartlarini shakllantirib boradi.
Qayta moliyalash stavkasini ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2018 yil iyul oyining ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan.