1993 yilga qadar qabul qilingan idoraviy hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotadi

Iqtisodiyot 12:17 / 27.04.2018 15542

O‘zbekiston hududida 1993 yil 17 iyungacha qabul qilingan va Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tmagan umummajburiy idoraviy hujjatlar, shu jumladan, sobiq SSSRning idoraviy hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotadi. Bu haqda “Inson va qonun” xabar berdi.

Fuqarolarda nega aynan 1993 yil 17 iyunga qadar qabul qilingan umummajburiy idoraviy hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotar ekan, degan savol tug‘ilishi o‘rinli. Aniq sananing ko‘rsatilishi boisi aynan 1993 yil 17 iyunga qadar vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar umummajburiy tusdagi normativ hujjatlar huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmagan, mazkur hujjatlar ro‘yxatga olingach ularga o‘zgartirish kiritilganda ham biron-bir idora bilan kelishilmagan. Xullas, har bir idora o‘z foydasiga qonun hujjatlarini qabul qilib, ish yuritavergan. Bu hujjatlar Konstitutsiyamizga yoki qonun hujjatlariga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi nazorat qilinmagan. Chunki bunday vakolat tayinli biron tashkilot zimmasiga yuklanmagan edi. Aynan 1993 yil 17 iyunda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinib, unga ko‘ra vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar umummajburiy bo‘lgan normativ hujjatlar (buyruqlar, nizomlar, yo‘riqnomalar va boshqalar)ni tayyorlayotganlarida ularning loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga taqdim etishlari  majburiy etib belgilandi. Shu sababli 1993 yil 17 iyungacha qabul qilingan umummajburiy bo‘lgan idoraviy hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotishi nazarda tutilmoqda. 

“Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar” tushunchasi o‘zi nima? Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar kundalik hayotimizga shunchalik chuqur singib ketganki, biz qaysi sohada faoliyat ko‘rsatmaylik o‘zimiz istagan yoki istamagan, bilgan yoki bilmagan holda ushbu hujjatlarga duch kelamiz.

Xususan, kasal bo‘lganimizda shifokor tomonidan beriladigan mehnatga layoqatsizlik varaqasi, chet el safarlariga ketayotganda to‘ldiradigan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi, farzandimiz tug‘ilganda FHDYo organlariga taqdim etish uchun beriladigan tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma'lumotnoma kabi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi va ularning shakli idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan.

Huquqiy jihatdan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qonun hujjatlari majmuasining ajralmas qismi hisoblanadi. O‘zning yuridik kuchiga ko‘ra Oliy majlis, prezident va hukumat tomonidan qabul qilinadigan hujjatlardan keyingi o‘rinda turadi va ularning barchasiga muvofiq bo‘lishi lozim. Ushbu hujjatlar 2 shaklda: buyruqlar va qarorlar tarzida qabul qilinadi.
 
Shu yilning 23 aprel kuni Adliya vazirligida 25ta manfaatdor davlat tashkilotlari bilan birinchi ishchi yig‘ilish o‘tkazildi. Unda 1993 yilgacha qabul qilingan 100ga yaqin qonun hujjatlarining dolzarbligi jiddiy o‘rganilib, ularning ayrimlari yangi tahrirda qabul qilinishi yuzasidan takliflar bildirildi.

Yig‘ilish davomida aniqlangan ayrim holatlar, jumladan, xodimlarga 1985-1986 yillarda qabul qilingan turli mutaxassisliklar bo‘yicha soatbay ishlaydigan xodimlar uchun yagona soha me'yorlari asosida bugungi kunga qadar oylik to‘lanib kelinayotganligi ko‘pchilikni taajjublantirdi.

Shu bilan birga yig‘ilish ishtirokchilari davlat pensiyalari va nafaqalarini tayinlash hamda to‘lash tartibi, harbiy xizmatchilar uchun pensiya ta'minoti tizimini tashkil etish, ularning oilalari va Mudofaa vazirligi nafaqaxo‘rlariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash tizimini tartibga solishga doir qonun hujjatlarining muhim jihatlariga ham to‘xtalib o‘tishdi.

Eslatib o‘tamiz, qisqa muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga o‘z kuchini yo‘qotayotgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rniga yangilarini ishlab chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi loyihasi kiritiladi.

Ko‘proq yangiliklar: