Hi-Tech Bank Bosh prokuratura xabariga munosabat bildirdi

O‘zbekiston 17:23 / 26.04.2018 13475

Hozirgi vaqtda Hi-Tech Bank XATBga nisbatan huquq-tartibot va nazorat organlari tomonidan hech qanday tekshiruvlar amalga oshirilmayapti. Bu haqda bank ma'muriyati KUN.UZ’ga xabar berdi.

Bundan avval, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Hi-tech bank mansabdor shaxslariga aloqador xabar e'lon qilgan edi. Unda ikki nafar shaxs Hi-tech bank mansabdor shaxslaridan tekshirishlarda aniqlangan kamchiliklarni kamaytirib ko‘rsatish hamda ularga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish chorasini qo‘llamasdan yengillik berish uchun firibgarlik yo‘li bilan 500 ming dollar pul olgani aytilgan. 

Bank bayonotida qayd etilishicha, hozirgi aksiyador va bank rahbariyati Bosh prokuratura xabarida bildirilgan dalil hamda hujjatlardan bexabar.

Shuningdek ta'kidlanishicha, 2016 yilda Hi-Tech Bank’ning aksiyadorlar va mansabdor shaxslari tarkibi to‘liq o‘zgargan. Aktsiyadorlar tarkibiga xorijlik investorlar ham jalb etilgan.

«Ushbu vaqtdan beri bankka nisbatan huquq-tartibot organlari tomonidan tekshiruvlar amalga oshirilmadi va bank xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan», - deya ta'kidlangan bayonotda.

 

Ko‘proq yangiliklar: