Aliment to‘lash va undirish tartibi haqida nimalarni bilasiz?

Jamiyat 08:02 / 25.04.2018 106463

Aliment olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so‘ng qancha muddat o‘tganidan qat'i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish talabi bilan sudga murojaat qilishi mumkin, deb yozmoqda “Inson va qonun” nashri.

Mazkur shaxs, nizo bo‘lmagan taqdirda, voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli.

Sudga murojaat qilish tartibi quyidagicha:

Eng avvalo, undiruvchi, sud buyrug‘i chiqarish to‘g‘risidagi arizani yozishi kerak. Unda quyidagi ma'lumotlar ko‘rsatilishi shart:

1) ariza berilayotgan sud nomi;
2) undiruvchining nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi) hamda uning yashash joyi;
3) qarzdorning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi) hamda uning yashash joyi;
4) undiruvchining talabi va talabga asos bo‘lgan holatlar;
5) arz qilingan talabni tasdiqlovchi, ilova etilayotgan hujjatlar ro‘yxati.

Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi.

Agar ta'minot uchun mablag‘ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko‘rilganligi, ammo aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning uni to‘lashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, o‘tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin.

Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish joyidagi ish beruvchi yoki pensiya, nafaqa, stipendiya olayotgan joyidagi tashkilot ma'muriyati aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvga yoki ijro varaqasiga asosan aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqidan va (yoki) boshqa daromadidan har oyda aliment ushlab qolib, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsga ish haqi to‘langan va (yoki) boshqa daromadlar olingan kundan boshlab, uch kundan kechiktirmay aliment oluvchi shaxsga aliment to‘lashi yoki aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning hisobidan unga o‘tkazishi shart.

Aliment qarzining miqdori davlat ijrochisi tomonidan sudning hal qiluv qarori yoki aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvda belgilangan aliment miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Oila kodeksiga ko‘ra voyaga yetmagan bolalarga to‘lanadigan aliment qarzining miqdori aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi miqdoridan kelib chiqqan holda aliment undirilmagan vaqt uchun hisoblab chiqiladi.

Agar aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs shu davrda ishlamagan bo‘lsa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda aliment O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi.
Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida qonunga muvofiq o‘zi ta'minot berishi lozim bo‘lgan aliment oluvchilar bilan aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzishi shart.

Aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuvga erishilmagan taqdirda manfaatdor shaxs aliment miqdorining pul bilan to‘lanadigan qat'iy summada belgilanishi va alimentni bir yo‘la to‘lash to‘g‘risida yoki aliment evaziga muayyan mol-mulkni berish yoxud alimentni boshqa usulda to‘lash to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.

Voyaga yetmagan bolalar ta'minoti uchun alimentlar oldindan to‘langan yoki aliment to‘lash majburiyatini ta'minlash uchun garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, shaxs aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzish majburiyatidan ozod etiladi.
 

Ko‘proq yangiliklar: