Mudofaa vazirligi faxriysi desantchilarning jangovar tayyorgarligi bilan tanishdi

Jamiyat 23:25 / 24.04.2018 8806

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri maslahatchisi nafaqadagi general-polkovnik Rustam Ahmedov Toshkent harbiy okrugidagi umumqo‘shin dala o‘quv maydonida desantchilarning jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari bilan yaqindan tanishdi.

«Boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan Mudofaa vazirligi faxriysi keksaligiga qaramay yosh va navqiron harbiy xizmatchilarning jangovar va ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari, ularning turmushi, xizmat sharoitlari bilan tanishish uchun harbiy okruglarga xizmat safarlari uyushtiryapti.

Bu gal desantchilardan iborat yangi tarkibdagi jangovar bo‘linma – batalon taktik guruhining dala o‘quvlariga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishayotgan Rustam Ahmedov yigitlarga u xizmat qilgan yillarda ro‘y bergan qiziqarli voqealar haqida gapirib berib, bugungi kunda harbiy xizmat nufuzi va sharafi yuksalayotganini alohida ta'kidladi. U oldingi va bugungi armiya o‘rtasida juda katta farq, keskin o‘zgarishni kuzatayotganidan g‘oyat baxtiyor ekanini, yurtimizda Qurolli Kuchlar faxriylariga ko‘rsatilayotgan e'tibor uni ruhlantirayotganini iftixor bilan so‘zlab berdi», deyiladi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Tashrif davomida u navbatdagi taktik mashg‘uloti arafasida saf ko‘rigidan o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning anjom-aslahalarini komandirlar boshchiligida ko‘zdan kechirgan, samimiy suhbat davomida faxriy harbiy xizmatchilarga xizmatda faqat yuksak natijalarga erishishni tilagan.

Ko‘proq yangiliklar: