Amazon buyurtmalarni mijozlar avtomobillariga yetkazishni boshladi 

Fan-texnika 20:53 / 24.04.2018 3637

Amazon internet-riteyleri buyurtmalarni mijozlarning avtomobillariga ular bo‘lmaganda ham yetkazib berishni boshladi. Ushbu xizmatdan hozircha AQShning 37 shahrida muayyan markadagi avtomobillar egalari foydalana oladilar.

Amazon Key In-Car deb nomlangan ushbu xizmat General Motors va Volvo’ning 2015 yilda ishlab chiqarilgan yoki undan yangiroq mashinalari bilan ishlaydi. Bu mashinalarda ularga masofadan kirish funksiyasi mavjud bo‘lib, kurer bu funksiyadan mashinalarni ochish va yopish uchun foydalanadi.

Amazon Key kurerlarga mijozlar mashinalarini smartfon bilan ochishga va ularda jo‘natmalarni qoldirishga ijozat beradi. Ushbu xizmat Amazon Prime xizmati obunachilari uchun bepuldir. 

Jo‘natmaning og‘irligi 50 funtdan (22 kg) og‘ir, o‘lchami 26 x 21 x 36 dyuymdan (66 x 53 x 40 sm) katta, qiymati esa 1,3 ming dollardan yuqori bo‘lmasligi kerak.  

Foydalanuvchi buyurtma vaqtida manzilni ko‘rsatishi va jo‘natma yetkaziladigan kun o‘z avtomobilini ko‘rsatilgan manzildan 2 kvartal uzoqroqda qoldirmasligi lozim. Kurer mashinani ocha olishi uchun u jamoat joyida, misol uchun, uy yoki ishxona oldidagi avtoturargohda qoldirilishi lozim.

Kurer kelishidan 20 daqiqa oldin foydalanuvchi bu haqda ogohlantirish oladi. TechCrunch jurnalistining aytishicha, kurerlar kerakli mashinani topish uchun undagi signalizatsiyani yoqishlari mumkin. Dastur, shuningdek avtomobil ochilib, keyin yopilganini tekshirishga imkon beradi. 

Kompaniyaning buyurtmalarni yetkazish bo‘yicha vitse-prezidenti Piter Larsenning aytishicha, kompaniya mijozlar bo‘lmaganda ham buyurtmalarni ularning uylariga yetkazib berish xizmati haqida ijobiy fikrlar olgan va “o‘z g‘oyasini uylardan tashqariga olib chiqmoqchi bo‘lgan”.

2017 yil kuzida kompaniya foydalanuvchilar uylarida bo‘lmaganda ham jo‘natmalarni ularning uylariga yetkazib berishni boshlagan. Amazon Key xizmati kerakli paytda uyning eshiklarini ochuvchi “aqlli” qulf va uyda yuz berayotgan hodisalarni kuzatuvchi kamera evaziga ishlaydi.


Ko‘proq yangiliklar: