Shvetsiyaning Einride kompaniyasi muhandislari tomonidan yaratilgan o‘zi boshqariluvchi yuk mashinalari joriy kuzda sotuvga chiqarilishini ma'lum qildi. O‘ziyurar transport NVIDIA texnologiyasi bo‘yicha yaratilgan avtopilot platformasidan foydalanadi. Bu esa elektr yuk mashinalariga haydovchi aralashuvisiz umumiy yo‘llarda mustaqil harakatlanishga imkon beradi.
T-pod deb nomlangan bu antiqa ko‘rinishdagi mashina bir quvvatlanishda 160 kmgacha yo‘l bosa oladi. NVIDIA avtonom boshqaruv platformasi buni maksimal xavfsiz amalga oshirishga imkon beradi. T-pod yaratuvchilarining aytishicha, hududda mustaqil mo‘ljalni olish texnologiyasi va avtopilot yaratuvchilarining ilg‘or ishlanmalari yo‘nalishlarni maksimal samarali tuzishni va yuklarni shahar hamda shahar chekkasi yo‘nalishlari bo‘ylab tezda yetkazishga imkon beradi.
Yuk mashinasini shuningdek masofadan operator tomonidan boshqarish usuli ko‘zda tutilgan, shu sababli yo‘lning xavfli qismlarida va mahalliy qonunchilikda ko‘zda tutilgan bir qator holatlarda mashina odam tomonidan boshqariladi.
Kompaniya Gyoteburg va Xelsigborg shaharlari o‘rtasidagi yo‘nalishni tuzib chiqdi, bu yo‘nalish bo‘ylab kuzda 200 ta T-pod harakatlana boshlaydi. Ilova qilingan videoda yuk mashinasi avtopilotda qanday harakatlanishini ko‘rish mumkin.
T-pod 15 ta standart poddonni tashiy oladi, biroq muhandislar uning qancha yuk ko‘tara olishini hozircha oshkor qilishmayapti. Ko‘rinishicha, mashinaning yuk ko‘tarishi uncha katta bo‘lmaydi, chunki uning akkumulyatorlari katta sig‘imli emas. Shu sababli “Ti-podlar” og‘ir yuk mashinalari o‘rnini egallashi dargumon, biroq murakkab bo‘lmagan yo‘nalishlarda ular yaxshi yechim bo‘lishi mumkin. Asosiysi avtopilotda harakat xavfsizligini ta'minlashdir, chunki bu jihatsiz bunday yuk mashinalarni katta ko‘lamda qo‘llash haqida gap ketishi ham mumkin emas.