Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga qanday hisobga qo‘yiladi?

Iqtisodiyot 17:00 / 30.03.2018 15875

Vazirlar Mahkamasining 26.03.2018 yildagi 238-son qarori bilan Fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma. 

Eslatib o‘tamiz, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida (JBPT) ishtirok etish ikki shaklda amalga oshiriladi:

• ish beruvchilar, shuningdek mehnat faoliyatini mehnat shartnomasi asosida amalga oshiruvchi fuqarolar uchun – majburiy (agar qonun hujjatlarida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa). Hisobga qo‘yishga murojaatni ish beruvchi beradi;
• yuridik shaxs bo‘lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar va dehqon xo‘jaliklari a'zolari, shuningdek boshqa fuqarolar uchun – ixtiyoriy tartibda. Hisobga qo‘yishga murojaatni fuqaro beradi.

1 apreldan quyida bayon etilgan usullardan birida JBPTda hisobga qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlarini olish mumkin.

I. Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etgan holda. Markaz xodimi arizachi nomidan, belgilangan shakldagi anketani elektron tarzda to‘ldiradi. Markaz anketa to‘ldirilgan vaqtdan boshlab bir soat mobaynida uni Xalq bankiga yuboradi. Xalq banki anketa kelib tushgandan so‘ng bir kun ichida Markazga xabarnomani jo‘natadi, Markaz bir soat mobaynida arizachini JBPTda hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida xabardor qiladi.

II. YaIDXP orqali. Ro‘yxatdan o‘tib, tegishli xizmatni tanlagach, anketa mustaqil ravishda to‘ldiriladi. Anketa avtomatik tarzda Xalq bankiga yuboriladi. Arizachi undan JBPTda hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi elektron xabarnomani oladi. Portalga har bir bosqichda murojaatlarning ko‘rib chiqilishini kuzatib borish imkonini beruvchi funksional o‘rnatiladi.

Shuningdek quyidagi jihatlarga e'tibor qaratish lozim:

a) har ikkala holatda ham xizmatni olish uchun ERI talab etiladi. Markazga o‘zi kelib murojaat etganda ERIni joyida olish mumkin;
b) anketada fuqaroning identifikatsiya raqami (shaxsiy kod) ko‘rsatiladi. Agar uning pasportida ko‘rsatilmagan bo‘lsa, arizachi yashash joyi bo‘yicha ichki ishlar organlaridan kodni so‘rab oladi.
v) JBPTda hisobga qo‘yish bepul amalga oshiriladi;
g) davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘la oladi (boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi):

• arizachilarda ERI mavjud emasligi yoki uni olishning rad etilganligi;
• anketada noto‘g‘ri ma'lumotlar ko‘rsatilishi.

Hujjat 1.04.2018 yildan amalga kiritiladi.

Ko‘proq yangiliklar: