Inflyatsiyaviy targetlashga o‘tish boshlanadi

Iqtisodiyot 16:20 / 30.03.2018 14992

Pul-kredit siyosatini rivojlantirish va o‘rta muddatli istiqbolda amalga oshirish konsepsiyasida inflyatsiyaviy targetlashga o‘tish belgilangan, deb yozmoqda Norma.
 
Inflyatsiyaviy targetlash 1989 yilda Yangi Zelandiyada joriy etilgan. Bugungi kunda 30 dan ortiq mamlakat, ular qatorida Armaniston va Rossiya ham bor, mazkur rejimni faol qo‘llamoqda. Belarus va Qozog‘iston Markaziy banklari inflyatsiyaviy targetlashga o‘tish maqsadi va dasturlari haqida bayonot berishdi.
 
O‘zbekistonda inflyatsiyaviy targetlashga o‘tish Pul-kredit siyosatini rivojlantirish va o‘rta muddatli istiqbolda amalga oshirish konsepsiyasida nazarda tutilgan.
 
Inflyatsiyaviy targetlash - pul-kredit siyosatining rejimi bo‘lib, unga ko‘ra oxirgi maqsad sifatida narx barqarorligi ko‘zlanadi. Markaziy bank foiz siyosati vositasida uni ta'minlash choralarini ko‘radi va o‘z siyosatining natijasi uchun ommaviy javobgar bo‘ladi.
 
Inflyatsiyaviy targetlash inflyatsiyaning volatilligi va inertligini pasaytirishning samarali dastagi hisoblanib, u o‘z navbatida, o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiyotning mustahkam va barqaror o‘sishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi.  Mazkur rejim Markaziy bankka inflyatsiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun katta imkoniyatlarni nazarda tutadi. Bunda Markaziy bank diqqat e'tiborini ko‘proq iqtisodiyotning ichki muammolariga qarata oladi, sababi inflyatsiyani targetlash makroiqtisodiy vaziyatdagi o‘zgarishlarga yanada qayishqoqlik bilan yondashishga imkon beradi. 
 
Inflyatsiyaviy targetlash rejimiga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rish pul-kredit siyosati dastaklari ta'sirini cheklovchi asosiy omillarni aniqlash va bartaraf etishni talab qiladi. Bugungi bosqichda O‘zbekistonda pul-kredit siyosatining amaldagi dastaklarini takomillashtirish va zamonaviy dastaklarni joriy etishga ustuvorlik beriladi. 
 
Mamlakatda hozirda pul-kredit siyosatini amalga oshirish uslublarini inflyatsiyaviy targetlashga o‘tkazish uchun huquqiy asoslar yaratilgan. Xususan, valyuta siyosatini liberallashtirish, ayirboshlash kursi shakllanishining bozor sharoitlarini yaratish bo‘yicha choralar ko‘rilgan, Markaziy bankning ustuvor maqsadlari aniq belgilab berilgan, pul-kredit siyosatini amalga oshirish faol bosqichga o‘tmoqda, inflyatsiyani hisob-kitob qilish va baholash uslubiyati takomillashtirilgan.  
 
Shunga qaramay, inflyatsiyaviy targetlash rejimini joriy etish bo‘yicha mavjud ehtimoliy tavakkalchilik  va cheklovlar oldinga qo‘yilgan vazifani bajarishni birmuncha qiyinlashtirmoqda. Markaziy bank prognoz-tahlil bazasi mustahkamlanishi, pul-kredit siyosati dastaklari takomillashtirilishi, kommunikatsiya siyosati va aholining ishonchini oshirishga yuqori darajada e'tibor qaratadi. Shuningdek Markaziy bank mazkur rejimga bosqichma-bosqich o‘tishni ta'minlash bo‘yicha choralarni ko‘rishda tarmoq vazirlik va idoralar bilan sa'y-harakatlarni birlashtiradi.

Ko‘proq yangiliklar: