O‘zbekiston global sarmoya bozoridagi raqobatda yutqazmoqda, chunki yirik sarmoyadorlar O‘zbekistonga sarmoya olib kirishni xohlamayapti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori o‘rinbosari Go‘zal Islomova soliq konsepsiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan anjumanda shunday fikrlarni bildirdi.
Nutqini o‘ziga xos tarzda yig‘ilish mavzusidan kelib chiqqan holda, soliq to‘lovchilar bilan salomlashishdan boshlagan Go‘zal Islomova, soliq to‘lovchi har bir to‘layotgan solig‘i nimalarga sarflanayotganini bilishi shartligiga ham to‘xtaldi.
“Bugun men sizlar bilan o‘zgacha salomlashmoqchiman. Xayrli kun, soliq to‘lovchilar! Axir barchamiz soliq to‘lovchilarmiz. Shunga binoan, bugungi muhokama bevosita barchamizga tegishli bo‘ladi. Har birimizning oylik maoshlarimizdan ushlab qolinayotgan, tadbirkorlarning daromadlaridan olinayotgan soliq pullari nimaga sarflanayotganini bilishga haqimiz bor. Bu pullar qayerda va qanday sarflanmoqda?”, - dedi Go‘zal Islomova.
Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori o‘rinbosari Kontseptsiyaning xususiyatlari, bandlariga to‘xtalar ekan, hujjatda mamlakatning raqobatbardoshligini ta'minlashga e'tibor qaratilganini ta'kidladi.
“Soliq konsepsiyasining negizida mamlakat raqobatbardoshligini ko‘tarish yotibdi. Globallashuv jarayonida har bir davlat mehnat va iqtisodiy zaxiralar uchun kurashmoqda. O‘zbekiston katta zaxiraga, ulkan tabiiy boyliklar va inson resurslariga ega bo‘lishiga qaramay, mamlakatimizning global sarmoya bozorida raqobatbardoshligi haqida so‘z ketganda, ma'lum bo‘ladiki, investorlarga bizning mamlakatimizga kelish qiziq emas. Ular bizga pul tikishni xohlamayapti. Nima uchun? Biz soliq konsepsiyasini ishlab chiqishda ayni shu savolga javob topishga urinib ko‘rdik”, - dedi G.Islomova.
Uning fikricha, O‘zbekiston 2-3 yilga kelib-ketadigan xorijiy investorlarni ko‘rishni istamaydi, aksincha uzoq muddat qoladigan, hamkorlar sifatida bilim, yangi texnologiya, biznesda yangicha yondashuvni olib keladigan xorijiy investorlarni mamlakatda ko‘rishni xohlaydi. Buning uchun mamlakat xalqaro maydonda ajoyib reyting ko‘rsatkichlariga ega bo‘lishi talab etiladi. Islomovaga ko‘ra, aynan xalqaro reyting ko‘rsatkichlari xorijiy investorlarga turtki beruvchi omillardan biridir.
“Doing Business xalqaro reytingiga nazar soladigan bo‘lsak, O‘zbekiston so‘nggi 5 yilda katta sakrashni amalga oshirdi. 5 yil avval 146-o‘rinda bo‘lgan O‘zbekiston bugungi kunda 74-o‘rinda. Ushbu reytingning soliq solish kesimida 78-o‘rindamiz. Bu, asosiy raqiblarimiz bo‘lgan yaqin qo‘shnilarimiz ko‘rsatkichlari bilan taqqoslanganda, ajoyib ko‘rsatkich emas. Bizning vazifamiz esa, bu reytingni yaxshilashdan iborat”, - dedi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori o‘rinbosari.