Rossiyada messenjerlarga shifrlash kalitlarini 10 kun ichida berish majburiyati qo‘yildi

Fan-texnika 20:34 / 29.03.2018 6585

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) axborot tarqatishni tashkillashtiruvchilar, jumladan Telegram messenjeri o‘z shifrlash kalitlarini maxsus xizmatlarga taqdim qilishga majbur bo‘lgan buyruqni o‘zgartirdi. 

Yangi buyruqqa ko‘ra, messenjerlar FXX’ga shifrlash kalitlarini iloji boricha qisqa, biroq murojaat olingandan keyin 10 kundan ko‘p bo‘lmagan vaqt ichida taqdim qilishlari kerak. Avvalgi buyruqda muddat belgilanmagan bo‘lgan.

Telegram ushbu buyruq yuzasidan sudga e'tirozini bildirgan, biroq oliy sud messenjerning e'tirozini qondirmagan. Sud fikricha, kalitlarni berish talabi yozishmalar maxfiyligi haqidagi qonunni buzmaydi.

Roskomnadzor Telegram’ga FXX’ga shifrlash kalitlarini berish uchun 15 kun berdi, aks holda messenjerni bloklash bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqiga ega. Bu muxlat 4 aprelda tugaydi. Telegram asoschisi Pavel Durov FXX’ga kalitlarni bermasligini aytgan.

12 mart kuni Telegram’ning 35 foydalanuvchisi FXX ustidan sudga murojaat qilishgan. Shikoyat arizasida aytilishicha, FXX’ning talabi kommunikatsiyalar xavfsizligini xavf ostiga qo‘yadi hamda shaxsiy hayot daxlsizligi va yozishmalar maxfiyligiga huquqlarni buzadi. Biroq sud arizada foydalanuvchilarning huquq va erkinliklari buzilayotgani alomatini ko‘rmagan va uni qabul qilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: