Nissan va Renault birlashish haqida muzokaralar o‘tkazmoqda – Bloomberg 

Fan-texnika 20:11 / 29.03.2018 5803

Fransiyaning Renault SA va Yaponiyaning Nissan Motor Co. kompaniyalari o‘z alyansini (Renault Nissan) mustahkamlash maqsadida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor bo‘lgan manbalarga iqtibos keltirgan holda Bloomberg axborot agentligi xabar bermoqda. Ushbu qaror “bozorning elektr avtomobillar tomon misli ko‘rilmagan siljishi va karshering xizmati ommaviyligi o‘sayotgan” bir paytda muhokama qilinmoqda.        

Kelishuv ikki kompaniyani bir korporatsiyaga birlashtirishi mumkin. Hozirda Renault kompaniyasi Nissan’ning 43 foiz aksiyasiga, Nissan esa Renault’ning 15 foiz aksiyasiga ega. Nissan shuningdek Mitsubishi Motors’ning bosh aksiyadori hisoblanadi. Bundan tashqari, ikki kompaniya direktorlar kengashiga bir kishi – Karlos Gon boshchilik qiladi. Bloomberg‘ning ma'lum qilishicha, aynan Karlos Gon muzokaralarni olib bormoqda va birlashgan korporatsiyani boshqarishga da'vogar hisoblanadi.

“Birlashgan gigant Volkswagen AG va Toyota Motor Corp.’ga jiddiy raqib bo‘ladi. Nissan va Renault alyansi strukturasi kompaniyalarga hamkorlikdan maksimal foyda olishga imkon bermasdi”, deb aytilgan axborot agentligida.

Renault aksiyasi kun davomida 8,3 foizga ko‘paygan, kompaniya 36 mlrd dollarga, Nissan esa 43 mlrd dollarga baholanmoqda. Ikki kompaniya Renault’ning 15 foiz aksiyasiga ega bo‘lgan Fransiya hukumati rozi bo‘lsagina birlashadi. Shuningdek, bunga Yaponiya hukumati roziligi ham kerak. Bitimga Fransiya va Yaponiyaning birlashgan kompaniya qayerda joylashishi borasidagi fikrlari xalaqit qilishi mumkin. Hozirda yangi kompaniyaning bosh qarorgohi London yoki Niderlandiya joylashishi imkoniyati qaralmoqda.    

Hozircha yakuniy natija yo‘q, biroq muzokaralar bir necha oydan beri bormoqda. 

2022 yilda Renault va Nissan 2017 yilda sotilgan 10,6 mlnta mashinaga nisbatan 14 mln ta mashina sotishi kutilmoqda. Dunyodagi eng yirik avtomobilsozlik kompaniyasi Volkswagen o‘tgan yil 10,7 mlnta, Toyota esa 10,4 mlnta mashina sotgan.

Ko‘proq yangiliklar: