27 martda Nyu-Yorkdagi avtosalonda “Yilning jahon avtomobili 2018” mukofoti egasini aniqlash bo‘yicha yakuniy ovoz berish bo‘lib o‘tdi. Tanlovga start 2017 yil 19 sentabrda Frankfurtdagi avtosalonda berilgan va u avtomobillar olamidagi barcha asosiy tadbirlar bo‘ylab o‘tdi. G‘oliblarni 24 ta davlatdan avtomobillar olamini yorituvchi 82 professional jurnalistdan iborat hay'at tanladi.
Dastlab 34 ta avtomobildan iborat ro‘yxatdan 10 ta yetakchi avtomobil tanlab olingan. Yaqinda Jyenevada o‘tgan avtosalonda esa 3 ta finalchi e'lon qilingan, bular: Mazda CX-5, Range Rover Velar va Volvo XC60. Va nihoyat, Nyu-Yorkdagi avtosalonda g‘olib aniqlandi: “Yilning jahon avtomobili 2018” nomiga Volvo XC60 mashinasi sazovor bo‘ldi.
Tanlovda mutlaq g‘olibdan tashqari bir nechta yo‘nalish bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
Jahonning eng yaxshi avtomobil dizayni 2018 – Range Rover Velar
Jahonning eng ekologik avtomobili 2018 – Nissan Leaf
Jahonning eng yaxshi sport avtomobili 2018 – BMW M5
Jahonning eng yaxshi premium avtomobili 2018 – Audi A8
Jahonning eng yaxshi shahar avtomobili 2018 – Volkswagen Polo