Yevropaning SpaceDataHighway koinot tizimi muvaffaqiyatli ishga tushirildi va Copernicus dasturi bo‘yicha barcha 4 ta Sentinel sun'iy yo‘ldoshidan axborot ola boshladi. Bu haqda sun'iy yo‘ldoshlar guruhi boshqaruvini amalga oshirayotgan Airbus kompaniyasi ma'lum qildi.
“Bu hodisa koinotdan tasvirlar olish sohasida yangi davr boshlanganini anglatadi. Ilk ikki juft sun'iy yo‘ldosh – Sentinel-1A va Sentinel-1B hamda Sentinel-2A va Sentinel-2B Yevropa Ittifoqi, Yevropa koinot agentligi (Copernicus dasturi tashkilotchisi) va SpaceDataHighway’ga egalik qiluvchi Airbus o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra SpaceDataHighway tizimiga qo‘shildi”, deb ma'lum qilgan axborot agentligi suhbatdoshi.
Uning aytishicha, SpaceDataHighway ilg‘or lazer texnologiyalari yordamida yaratilgan dunyodagi ilk “koinot optik-tolali kabeli” hisoblanadi. Ayni vaqtda geostatsionar orbitada yerdagi kuzatuv stansiyalari ustida joylashgan sun'iy yo‘ldoshlar guruhiga boshchilik qiluvchi ilk EDRS-A retranslyator sun'iy yo‘ldoshi bor. U har kuni kuzatuv sun'iy yo‘ldoshlaridan, dronlar va boshqariluvchi parvoz qurilmalaridan olingan 40 terabayt axborotni soniyasiga 1,8 gigabit tezlik bilan uzata oladi.
Retranslyator sun'iy yo‘ldoshlari past orbitaga ega sun'iy yo‘ldoshlarni lazer yordamida qamrash va ular sayyoramizni tadqiq qilish vaqtida olgan ma'lumotlarni yig‘ishga mo‘ljallangan. So‘ngra SpaceDataHighway tizimi Yerdagi markazga olingan ma'lumotlarni jo‘natadi. Shu tariqa, retranslyator sun'iy yo‘ldoshi axborotni uzatishda vositachi bo‘g‘in vazifasini bajaradi. Bu jarayon past orbitalarda joylashgan sun'iy yo‘ldoshlarga ma'lumotlarni yerdagi stansiya bilan aloqa qilishgacha saqlab o‘tirmay, ularni uzluksiz uzatishga imkon beradi. Shu tariqa sun'iy yo‘ldoshlar kamroq vaqt ichida ko‘proq ma'lumot yubora oladi.
EDRS-A sun'iy yo‘ldoshi geostatsionar orbitaga 2016 yil yanvarida chiqarilgan va AQShning Sharqiy sohilidan Hindistongacha bo‘lgan hududni qoplashni ta'minlaydi. Ikkinchi sun'iy yo‘ldosh 2018 yilda uchiriladi. Bu tizimni 2 barobar kuchaytirishga va qoplash hududini kengaytirishga imkon beradi.