Yerning yassi shakldaligiga ishonuvchi amerikalik Mayk Xyuz buni isbotlash maqsadida 24 mart kuni o‘zi yasagan raketada parvoz amalga oshirdi.
Xyuz o‘z garajida qurgan raketasi yordamida Kaliforniyaning janubidagi Emboy shahridan 570 metrdan ko‘proq balandlikkacha ko‘tarila oldi va raketa uchirilgan joydan taxminan 450 metr uzoqlikda, Moxava cho‘liga parashyutda qo‘ndi.
Xyuz parvozdan keyin o‘zini yaxshi his qilayotganini aytgan, biroq belidagi og‘riqdan shikoyat qilgan.
Xyuz o‘z parvozini 2017 yil noyabrda amalga oshirmoqchi bo‘lgan, biroq parvoz texnik nosozliklar hamda mahalliy hukumat noroziliklari sababli bir necha marta qoldirilgan. U parvozdan keyin o‘zini “yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek” his qilayotganini aytgan. “Men qo‘rqqanim va hech qanday raketa qura olmaganim haqidagi gaplardan charchagandim. Shu sababli o‘zimni qo‘lga olib, buni qila oldim”, deb aytgan Xyuz.
Noodatiy ixtirochi o‘z videomurojaatlarida bir necha bor ta'kidlaganidek, sayyoramiz yassi shakldaligiga ishonadi va uning dumaloqligi borasida shubha bildirib keladi.
Ma'lum qilinishicha, Xyuz bundan avval ham raketa yasab, unda 400 metr balandlikkacha ko‘tarila olgan. Parvozdan keyin u o‘ziga kelishi uchun 3 kun talab etilgan.