Italiyada joylashgan X Electrical Vehicle (XEV) startapi Shanxay avtosalonida bor-yo‘g‘i 3 kun ichida 3D-printerda bosib chiqarilgan 2 o‘rindiqli LSEV elektrokarining prototipini taqdim qildi. Bu haqda CNBC xabar bermoqda. Model seriyali ishlab chiqarilib, 2019 yil aprelida bozorga chiqarilmoqchi.
LSEV’ning o‘rindiqlari, oynalari va ko‘zgularidan tashqari barcha detallari 3D-printerda bosilgan. Bunga XEV’ning Shanxayda 3D-printerlar uchun zaruriy materiallar ishlab chiqaruvchi Polymaker kompaniyasi bilan hamkorligi evaziga erishildi. XEV’da ta'kidlanishicha, oddiy elektrokar 2 mingdan ko‘proq detalga ega bo‘lgan bir vaqtda, LSEV bor-yo‘g‘i 50 ta detaldan tashkil topgan.
XEV’ni raqobatchilaridan nafaqat mashinalarni yig‘ishi jarayoni, balki narxlari ham farqlatib turadi: LSEV’ni Osiyo va Yevropada 7,5 ming dollarga sotib olish mumkin. Taqqoslash uchun, standart akkumulyatorga ega Tesla Model 3 modeli 35 ming dollar turadi.
Xitoy elektromobillarning dunyodagi eng katta bozori hisoblanadi. Xitoyda bunday mashinalarning keng assortimenti taqdim qilingan va yangilarining paydo bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga Xitoyning 5 ta elektrokar modeli Jato tahliliy agentligi tomonidan tuzilgan 2017 yilgi dunyodagi eng ommabop elektromobillar yetakchi o‘ntaligiga kirdi.