«Diana Yenekeyeva ko‘cha tozalashga majburan chiqarilmagan». Rasmiylardan kutilgan raddiya

Jamiyat 16:20 / 18.03.2018 56030

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari M.Muzaffarov va Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Q.Saidov nomidan Kattaqo‘rg‘on tumanida 14 mart kuni sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa yuzasidan rasmiy axborot berildi.

Unda keyingi kunlarda internet saytlarida va turli ijtimoiy tarmoqlarda 14 mart kuni Kattaqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa haqida berilgan xabarlar noto‘g‘ri talqin qilingani keltirilgan.

«Keyingi kunlarda internet saytlarida va turli ijtimoiy tarmoqlarda 14 mart kuni Kattaqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa tafsilotlari e'lon qilindi. 

Mazkur holat yuzasidan prokuratura idoralari quyidagilarni ma'lum qiladi:

2018 yil 14 mart kuni soat 13:00da Kattaqo‘rg‘on tumani Alijon mahallasi hududidan o‘tuvchi M-37 yo‘lining 66-kilometrida Akramjon Bozorovich Elmurodov Zarifjon Rijaboyevich Isroilov nomiga rasmiylashtirilgan «KamAZ» rusumli 30 Y 275 JA davlat raqamli avtomashinasini boshqaruv huquqini beruvchi hujjatlarsiz Samarqand yo‘nalishi tomon boshqarib borib, yo‘lni kesib o‘tayotgan Diana Aleksandrovna Yenekeyevani urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. 

D. Yenikeyeva olingan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Marhum Yenikeyeva Diana Aleksandrovna, 1995 yil 14 iyunda Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. Millati – rus. Ma'lumoti – o‘rta-maxsus. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-umumta'lim maktabi o‘qituvchisi. Oilali, 1 nafar farzandi bor. Kattaqo‘rg‘on shahar Xorazmiy ko‘chasi, 14-uyda yashagan.

Haydovchi Elmurodov Akramjon Bozorovich, 1980 yil 20 aprelda Narpay tumanida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Ma'lumoti – o‘rta. Muqaddam sudlanmagan. Oilali, 3 nafar farzandi bor. Yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadi. Narpay tuman, T.Roziqov mahallasi Balandbog‘ qishlog‘ida yashaydi. 

Tuman prokurori tomonidan jinoyat ishini sifatli va har tomonlama xolisona tergov qilish yuzasidan yozma ko‘rsatma berilgan.

Tergov harakatlari olib borish jarayonida D.Yenikeyevaning o‘limi sababi yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza hamda yo‘l-ulov hodisasi sodir etgan «KamAZ» rusumli yuk avtomashinasi bo‘yicha sudga oid avtotexnika ekspertizasi tayinlangan.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari, jumladan Diana Yenikeyeva ham hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmagan. 

Bahor faslidagi obodonlashtirish va ko‘kalamlashtirish ishlarining amalga oshirilishi barcha joyda bajariladigan yumush. Shahar-tumanlar markazi, mahallalar, guzarlardagi xiyobonlar, ko‘chalar atrofi va ariqlar chetlari tozalanishi, daraxt va gul ko‘chatlari ekilishi bor gap. 

Mamlakatda mart-aprel oylari obodonlashtirish oyligi, deb e'lon qilingani ham «Tozalik bor joyda, baraka bor» naqlining amaliy ifodasidir. Lekin bu ezgu harakatni «Prezident kelishi oldidan ko‘cha tozalashga majburlash», deb tushunish noto‘g‘ri. 

Qolaversa, bunday ishlar joylardagi obodonlashtirish boshqarmasining xodimlarining vazifasiga kiradi. Ta'lim muassasalarida esa o‘qituvchilar emas, balki xo‘jalik ishlari bo‘yicha mas'ul xodimlar, bog‘bonlar shug‘ullanadi.

Shu nuqtai nazardan, Kattaqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa, yosh pedagog Diana Yenekeyevaning o‘limidan chuqur qayg‘uda ekanimizni bildirgan holda, bu hodisani boshqa holatlarga bog‘lab talqin qilish, ommaga xolis turib yetkazmaslik internet tarmog‘idan foydalanuvchilar o‘rtasida salbiy fikr uyg‘otishga sabab bo‘ladi, deb hisoblaymiz.
Mazkur holat yakuni bo‘yicha ma'lumot jo‘natilishini ma'lum qilamiz», deyilgan xabarnomada.

14 mart kuni Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 23 yoshli maktab o‘qituvchisi Diana Yenekeyevani hamkasblari bilan magistral yo‘lni tozalayotgan vaqtida yuk mashinasi bosib ketdi. Og‘ir tan jarohati olgan o‘qituvchi shifoxonada jon berdi.

Diana Yenekeyevaning Kattaqo‘rg‘on tumani 42-maktabdagi hamkasbi voqea tafsilotini OAVga ma'lum qildi. Uning aytishicha, o‘qituvchilar davlat rahbarining tashrifi arafasida «Samarqand-Buxoro» trassasi chetlarini tozalash uchun katta yo‘lga olib chiqilgandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 mart kuni Samarqand viloyatiga bordi.

«Qora «Lasetti»da kelgan XTB vakili bizga alohida hududni chegaralab berdi. Men unga «Bu — katta trassa, yuk mashinalari katta tezlikda yuradi, odamlarga yaqin yerda tezlikni pasaytirish lozimligini ko‘rsatuvchi yoki ta'mirlash ishlari ketayotganini bildiruvchi belgilar qo‘yilmaydimi, GAI (DYHXX) xodimlari bizga yaqin yerda turishmaydimi?» dedim. Ammo u «Ana, mashinalarida GAIlar o‘tiribdi, sizlarga qaraydi» deya mashinasiga o‘tirib, jo‘nab ketdi. Mashinadagi GAI xodimlari bizga yaqin ham kelishmadi, biror belgi ham qo‘yilmadi, birortamizga aqalli birorta bayroqcha ham berishmadi, keyin shu fojia sodir bo‘ldi. Biz yo‘l chetidagi daraxtlarni oqlayotgan, kimdir yo‘llarni supurayotgan, Dianalar to‘siqni ohaklayotgan edi. Katta tezlikda kelgan «KamAZ» Dianani urib ketdi…», — degandi u.

Ko‘proq yangiliklar: