Mudofaa vazirligi Buyuk Britaniya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

O‘zbekiston 08:08 / 17.03.2018 10867

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi.  

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Kristofer Allan tomonidan oxirgi yillarda ikki davlat mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik yo‘nalishlarida o‘sish sur'atlari ortib borayotgani ta'kidlandi. Mehmonlar Afg‘onistonda joylashgan Buyuk Britaniya qurolli kuchlariga yuklarni tranzit bilan olib o‘tilishi masalalarida yaqindan ko‘mak berilayotgani uchun O‘zbekiston hukumatiga alohida minnatdorchiligini izhor etishdi. 

Buyuk Britaniya vakillari tomonidan shu yilning yanvar oyida imzolangan Mudofaa vazirliklar o‘rtasidagi ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish mamlakatlar o‘rtasida xalqaro hamkorlikning asosini tashkil etishi ta'kidlandi. Rejada harbiy hamkorlikning turli masalalarida tajriba almashish, O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining Britaniyadagi oliy harbiy ta'lim muassasalarida ta'lim olishi, O‘zbekistondagi harbiy ta'lim muassasalarida mashg‘ulot jarayonlariga britaniyalik harbiy mutaxassislarning jalb etilishi, harbiy tibbiyot yo‘nalishida tajriba almashish, shuningdek hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari va treninglarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Buyuk Britaniya Birlashgan Qirolligi va Shimoliy Irlandiya o‘rtasida mudofaa sohasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasida harbiy ta'lim, harbiy kadrlar tayyorlash, ingliz tilini mukammal o‘rgatish, hamkorlikdagi treninglarni o‘tkazish, o‘zbekistonlik harbiylarning Britaniya qurolli kuchlari tomonidan o‘tkaziladigan turli o‘quv mashg‘ulotlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishida o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatishni o‘z ichiga oladi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Uchrashuv davomida Kristofer Allan O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining Sandxerstdagi Qirollik harbiy akademiyasi va boshqa Britaniyadagi nufuzli harbiy ta'lim muassasalarida tahsil olishida Britaniya tomoni hamkorlik ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, K.Allan o‘tgan yilda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasining “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasidagi muvaffaqiyatli ishtirokini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 10-17 oktabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qo‘shin razvedkachilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Kembriya patruli” xalqaro tanlovida O‘zbekiston vakillari ham munosib ishtirok etishdi. 

Qariyb 40 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan “Kembriya patruli” tanlovi eng qiyin va nufuzli musobaqalar sirasiga kiradi. 2017 yilda unda 29 mamlakatdan 139 ta jamoa qatnashgan. 

Tanlovning yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shin razvedkachilaridan iborat jamoa, birinchi bor musobaqada ishtirok etishiga qaramay, faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kirita olganini faxr bilan ta'kidlash joiz. 

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shin razvedkachilarining 2017 yilda bu muvaffaqiyati birinchisi emas edi. Undan oldin ular o‘tgan yilning 29 iyul – 12 avgust kunlari Novosibirsk shahrida (Rossiya) bo‘lib o‘tgan III Xalqaro armiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan “Qo‘shin razvedkasi a'lochilari” tanlovida (Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Xalq Respublikasidan keyin) uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lishgan.

Ko‘proq yangiliklar: