Ekstraktsion paxta moyi faqat «O‘zpaxtayog‘» korxonalariga sotiladi

O‘zbekiston 17:07 / 17.03.2018 10036

Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining qarori (14.03.2018 yilda 2979-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan Sanoatda qayta ishlash uchun mo‘ljallangan ekstraktsion paxta moyini birja savdolari orqali faqat «O‘zpaxtayog‘» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalariga sotilishi tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.

Ekstraktsion paxta moyi (bundan keyin – mahsulot) birja savdolarining elektron tizimidan (BSET) foydalangan holda sotiladi.

Ma'lumot uchun: birja savdolarining elektron tizimi – birja a'zolariga birja savdolarida bevosita birja savdo zalida aniq vaqt rejimida ishtirok etish imkonini beradigan dasturiy apparat vositalari majmuidan iborat axborot tizimi.

Birja respublika hududidagi istalgan nuqtadan birja a'zolarining elektron savdolarda ishtirok etishini ta'minlashi shart. Mahsulot sotuvchilari va xaridorlari birja savdolarida mustaqil ravishda birja bilan tuzilgan shartnoma asosida diler sifatida yoki broker yordamida ishtirok etadilar.

«O‘zpaxtayog‘» AJ keyingi oy boshlanishidan 5 kun oldin, keyingi oyda savdoga qo‘yiladigan mahsulot hajmlari va savdo ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni birjaga taqdim etadi. Xaridor va sotuvchilarni avans summasiga muvofiq birja savdosiga qo‘yish yoki ularni chetlashtirish, birja savdolarining g‘olibini aniqlash va birja bitimini ro‘yxatga olish avtomatik ravishda BSET tomonidan amalga oshiriladi.

Qarama-qarshi buyurtmalarni birlashtirish natijasi bo‘yicha BSET birja bitimlarini shakllantiradi va ro‘yxatga oladi, shundan so‘ng amalga oshirilgan birja bitimlari reyestrini shakllantiradi. Oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun birja bitimi tuzilgan kunda birja a'zolariga taqdim etiladi. Birja bitimi ro‘yxatga olingandan so‘ng xaridor oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatlarda moliyaviy majburiyatlarini to‘liq qoplash uchun qo‘shimcha mablag‘larni o‘tkazishi lozim. Bunda zakalat sifatida kiritilgan mablag‘lar hisobga olinishi mumkin.

Birja savdolarida sotilmagan, shuningdek bekor qilingan mahsulot hajmlari avtomatik ravishda BSET tomonidan keyingi birja savdolariga qo‘yiladi. Birja tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun komission yig‘im uning summasidan kelib chiqib bitimning har bir tarafidan undiriladi. Birja savdolariga qo‘yilgan mahsulotning boshlang‘ich narxi sotuvchi tomonidan belgilanadi. Tuzilgan birja bitimlari bo‘yicha hisob-kitoblar Hisob-kitob-kliring palatasi (HKKP) orqali amalga oshiriladi.

Ma'lumot uchun: hisob-kitob-kliring palatasi – birja bitimlari bo‘yicha kliring va o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishni ta'minlovchi birjaning tarkibiy bo‘linmasi.  

Birja kliring natijalari va mablag‘larining holati haqidagi ma'lumotlarni mijozlarning shaxsiy kabineti orqali taqdim etadi. Sotuvchi va xaridorlar o‘zlarining HKKPdagi shaxsiy hisobraqamlariga savdoga qo‘yilgan mahsulot umumiy qiymatining va xarid qilinishi ko‘zda tutilayotgan mahsulot hajmining 2%i miqdoridagi zakalat pul mablag‘larini joylashtiradilar.

Xaridorlar avans bilan ta'minlangan hajmlarda mahsulotni xarid qilish uchun bitimlar tuzishga haqli. HKKP xaridordan mablag‘lar kelib tushgan vaqtdan boshlab 1 ish kuni ichida, to‘lov o‘tkazilgan bitimlar ro‘yxatini sotuvchining shaxsiy kabinetiga yuborishi shart. Agar sotuvchi yoki xaridor mahsulot haqini to‘lash, tanlab olish, yetkazish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmasa, birja bitimni bekor qiladi va jabrlangan tarafga majburiyatni bajarmagan tarafdan bo‘nak mablag‘ini jarima sifatida o‘tkazadi.

HKKP taqdim etgan to‘lov o‘tkazilgan bitimlar ro‘yxati sotuvchining mahsulotni xaridorga yuklab jo‘natishiga asos bo‘ladi. Mahsulot jo‘natilganligi va olinganligi dalilini xaridor bilan sotuvchining (yoki ular vakolatli vakillarining) imzolari qo‘yilgan yukxatning nusxasi tasdiqlaydi.

Taqdim etilgan yukxatning nusxasi HKKP tomonidan 1 ish kuni mobaynida xaridorning shaxsiy hisobvarag‘idagi mablag‘larni sotuvchining tijorat bankidagi hisobvarag‘iga o‘tkazishga va bitimni yopishga asos bo‘ladi.

Hujjat 14.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: