Apple kompaniyasi 27 mart kuni Chikagoda o‘tadigan taqdimotiga jurnalistlarni taklif qila boshladi. Bu haqda The Verge nashri jurnalisti Nilay Patel ma'lum qildi.
“Hozirgina Apple’dan 27 martga Chikagodagi taqdimotga taklifnoma oldim! Super. Fikrimcha, bu yangi iPad Pro qurilmalari taqdimotiga o‘xshayapti”, deb aytgan Patel
Taklifga ko‘ra, taqdimot “o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun yangi ijodiy g‘oyalarga” bag‘ishlanadi. Jurnalistning fikricha, Apple tadbirda yangi iPad Pro planshetlarini taqdim qiladi.
MacRumors jurnalistlarining fikricha esa, kompaniya hamyonbop iPad plansheti, MacBook noutbuki va yangi iPhone SE smartfonini namoyish qiladi. Bu qurilmalar birinchi navbatda ta'lim sektoriga: maktab o‘quvchilari, talabalar va o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan.
Yaqinda Apple har yili o‘tkazuvchi WWDC (Apple Worldwide Developers Conference) anjumanining sanasini ma'lum qilgandi. Joriy yilda tadbir San-Xoseda 4-8 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi va unda operatsion tizimlarning yangi versiyalari va bir nechta gadjyetlar namoyish qilinadi.