O‘zbekistonga keluvchi tojikistonliklar xorijiy pasportga ega bo‘lishlari kerak bo‘ladi

Jahon 00:05 / 14.03.2018 14472

Tojikiston tashqi ishlar vazirligi Tojikistonning O‘zbekistonga tashrif buyurishni istovchi fuqarolari buni faqatgina amal qiluvchi xorijiy pasportlari bo‘lgandagina amalga oshira olishlarini ma'lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega 9-10 mart kunlaridagi tashrifi yakunlariga ko‘ra ikki davlat fuqarolarining o‘zaro tashriflari bo‘yicha hukumatlararo kelishuv imzolangan. Bu kelishuv ikki davlat fuqarolarining qo‘shni davlatda 30 kungacha viza olmagan holda bo‘lishlarini ko‘zda tutadi.

“OAVda bu kelishuv amal qilishi boshlangani haqidagi xabarlar tarqalgani va chegaradagi o‘tkazish punktlarida fuqarolarga noqulayliklar tug‘ilmasligi uchun Tojikiston tashqi ishlar vazirligi ushbu kelishuvni qo‘llash uchun tomonlar o‘z davlatlari ichidagi jarayonlarni yakunlashlari zarurligini tushuntiradi”, deb aytilgan Tojikiston tashqi ishlar vazirligi saytida 

Vazirlikning ta'kidlashicha, bu jarayonlar tez orada bajarilishi uchun barcha sa'y-harakatlar amalga oshiriladi. 

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston chegarasi yo‘nalishida davlat chegarasini kesib o‘tish uchun Tojikistonning amaldagi xorijiy pasporti bo‘lishi lozim.

Kelishuv kuchga kiradigan sana haqida qo‘shimcha tarzda ma'lum qilinadi.

Shu bilan birga qabul qilingan keishuvga ko‘ra, ayni vaqtda Tojikistonning chegaraoldi hududlari aholisi Tojikiston pasporti bilan O‘zbekistonga 5 kunlik muddatga tashrif buyurishi mumkin. 

Biroq pasport o‘rniga ID-kartalarga ega bo‘lganlar chegaradan o‘tkazilmaydilar.

“ID-kartalarda fuqaroning yashash joyi haqida ma'lumot bo‘lmaydi va shu sababli u aynan chegaraoldi hududida yashashini hech narsa isbotlay olmaydi. Shu sababli bu hujjat bilan chegaradan o‘tkazib bo‘lmaydi”, deyilgan xabarda.

Ma'lum qilinishicha, 30 kunlik vizasiz tashrifni ko‘zda tutuvchi, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi “Fuqarolarning o‘zaro tashriflari to‘g‘risida”gi kelishuv kuchga kirgandan keyin ikki davlatning qo‘shni davlatga tashrif buyurmoqchi bo‘lgan barcha fuqarolari majburiy tartibda xorijiy pasportlarga ega bo‘lishlari kerak bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: