O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki raisi Mamarizo Nurmurodov o‘zbek valyutasining qayta moliyalash stavkasi o‘zgarishi masalasiga oydinlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda stavkani o‘zgartirishga undovchi omillar mavjud emas.
Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan MB raisining aytishicha, inflyatsion kutilma va inflyatsiya o‘sishi prognoz qilingan raqamlar bilan mos keladi.
«Aholi orasida 190dan ortiq mahsulotga belgilangan narx bo‘yicha munosabatini o‘rgandik. Natija - ijobiy. Inflyatsiya ko‘rsatkichi esa yanvarda 2,7 foiz, fevralda 1,1 foizlik ko‘rsatkichni bildirdi. O‘sish sur'ati bir xonali sondan pasayishini kuzatishimiz ham mumkin. Umuman, yil oxirigacha inflyatsiya 14 foizgacha bo‘lishi taxmin qilinmoqda», deydi u.
Ma'lum qilinishicha, ana shu ijobiy vaziyat birinchi yarim yillikda saqlanib qolsa, so‘mning qayta moliyalash stavkasi o‘zgarmay qoladi. Agar vaziyat boshqa tarafga burilsa, ikkinchi yarim yillikda Markaziy Bank holatni yaxshilash mexanimzlarini muhokama etib chiqishi mumkin. Bu orada stavkani o‘zgartirish ham istisno etilmaydi.