Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2018-2019 yillarda 5 foiz atrofida bo‘lishini prognozlashtirmoqda. Bu haqda jamg‘arma vakili Albert Yeger 14 mart kuni tashkil etilgan matbuot brifingida ma'lumot berdi.
Joriy yilning 27 fevral kunidan to 12 martgacha O‘zbekiston Respublikasida amaliy tashrif bo‘lgan janob Yeger vazirlik, idora va tashkilotlarning turli darajadagi rahbar hamda xodimlari bilan uchrashdi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, janob Yeger O‘zbekiston iqtisodiyoti asosan qishloq xo‘jaligi hamda qurilish sohasidagi jadal o‘zgarishlar evaziga o‘sishini nazarda tutgan.
«XVJ doimo a'zo davlatlarga turli tavsiyalar tayyorlab beradi. Tashkilot ustavining 4-moddasiga ko‘ra, iqtisodiy vaziyat mutaxassislar tomonidan tahlil etilgach, ehtimoliy shartlar ishlab chiqiladi», deb fikr bildirdi Albert Yeger.
XVJning O‘zbekistonga tashrif buyurgan monitoring guruhi vakili «mamlakatda inflyatsiya jarayoniga» baho berdi.
«O‘ylashimcha, inflyatsiya sur'atlari avvalgi davrga taqqoslaganda ancha ijobiy ko‘rsatkichni bildirmoqda. XVJ tan olgan metod va mexanizm bo‘yicha tahlil etsak, inflyatsiya ko‘rsatkichi 20 foizga yaqinlashib bo‘lgandi. Iqtisodiy va siyosiy islohotlar raqamlarga ham ta'sirini o‘tkazmoqda. Ammo, buning bir ijobiy tomoni bor: avval inflyatsiya salbiy omillar ta'sirida o‘sib ketardi. Endilikda islohotlar va ijobiy omillar ta'sirida inflyatsiya paydo bo‘lgan. Bularning bari vaqtincha, deb bilaman», deydi u.
Eslatib o‘tamiz, tashkilot 2017 yil oktabr oyida e'lon qilgan hisobotida O‘zbekistondagi inflyatsiya ko‘rsatkichi 12,7 bo‘lganini bildirgandi. Kelasi yilda YaIM o‘sish sur'ati esa 6 foiz bo‘lishi taxmin qilingan.