Banklarda buxgalteriya hisobini yuritish to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar kiritildi

Iqtisodiyot 16:48 / 13.03.2018 24746

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 yanvardagi PF-5296-son «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qildi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2008 yil 3 maydagi 11/5-son qarori (ro‘yxat raqami 1834, 2008 yil 11 iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008 y., 28-son, 276-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritildi.

2. Mazkur qaror rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar:

1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi, «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi, «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi, «Elektron to‘lovlar to‘g‘risida»gi, «Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida»gi, «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi va «Bank siri to‘g‘risida»gi qonunlariga muvofiq banklar uchun majburiy bo‘lgan buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibini belgilaydi.».

2. 23-bandda:

oltinchi xatboshidagi «soat 17-00 ga» degan so‘zlar «soat 18-00 ga» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

yettinchi xatboshidagi «soat 15-00 ga» va «soat 16-00 ga» degan so‘zlar tegishlicha «soat 16-00 ga» va «soat 17-00 ga» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

sakkizinchi va to‘qqizinchi xatboshilar chiqarib tashlandi;

o‘ninchi xatboshi sakkizinchi xatboshi deb hisoblanadi.

3. 110-bandning birinchi xatboshisidagi «kun» degan so‘z «ish kuni» degan so‘zlar bilan almashtirildi.

4. 144-banddagi «Axborotlash boshqaruv tizimi (bundan keyingi o‘rinlarda ABT deb yuritiladi)ga» degan so‘zlar «Bank tizimi ma'lumotlar ombori (bundan keyingi o‘rinlarda BTMO deb yuritiladi)ga» degan so‘zlar bilan almashtirildi.

5. 145-banddagi «Buxgalteriya hisobi, hisoboti va davlat byudjyeti kassa ijrosi departamenti» degan so‘zlar «Buxgalteriya hisobi va hisoboti departamenti» degan so‘zlar bilan almashtirildi.

6. 146-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«146. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank balansi Buxgalteriya hisobi va hisoboti departamenti tomonidan, tijorat banklari balanslari Kredit tashkilotlari prudentsial nazorati departamenti tomonidan tahlil qilinadi.».

7. 147-banddagi «vakolatli departamentlari ABT dan» degan so‘zlar «departamentlari BTMO dan» degan so‘zlar bilan almashtirildi.

Ko‘proq yangiliklar: